Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoydagi uchrashuvlar samarali bo‘ldi
09:28 / 2024-06-23

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, ishbilarmon doira vakillari bilan bir qator muzokaralar o‘tkazdi.

Dastlab Sian shahrida investitsiyalar, sanoat va savdo hamkorligiga bag‘ishlangan uchrashuvda viloyatning investitsion va sanoat salohiyati, viloyatda zamonaviy turarjoy majmualari va avtomobil yo‘llari qurilishining istiqbollari hamda viloyatning “drayver” sohalari hisoblangan kimyo, qurilish materiallari, elektrotexnika, tekstil va boshqa sanoat tarmoqlarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan 50 dan ortiq investitsion loyiha takliflari yuzasidan taqdimot qilindi.  

Sian shahrining “Xiangshui Changyang Chemical Co Ltd” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralarda viloyatda kimyo texnoparki tashkil etishga kelishilgan bo‘lsa, “Dongguan Huaxin Laser Technology” Co., Ltd kompaniyasi bilan viloyatda har xil quvvat va o‘lchamdagi energiya tejamkor elektrodvigatellarini ishlab chiqarish hamda ma’nan eskirgan elektrodvigatellarni ta’mirlash orqali ularning samaradorligini oshirish  loyihasi yuzasidan kelishildi.

Shuningdek, “Xian Jiashen Trading” Co., Ltd” kompaniyasi direktori Chen Rujia, “Shaanxi Roenter International Supply Chain” Co., Ltd kompaniyasi bosh menejeri Sara Xe bilan samarali kelishuvlarga erishildi.  

Viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Shensi Normal universitetining Lugan boshlang‘ich maktabi (Lugang Primary School of Shaanxi Normal University)da bo‘lib, maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘qitish metodologiyasi va o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Ushbu maktab o‘quvchilarni zamonaviy, innovatsion o‘qitilishi hamda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga vatanparvarlik, o‘z tarixini va mehnat qilishni innovatsion usulda o‘rgatishi bilan ajralib turadi. Ushbu maktabda kasb-hunarga ham o‘rgatiladi.

O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasida viloyat hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyaning qator yirik kompaniya vakillari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uchrashuvi o‘tkazildi.

Uchrashuvda kompaniya vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, viloyatning investitsion, sanoat va turizm salohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berilib, ular bilan qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, “China Gansu International Economic and Technical Cooperation” Co., Ltd davlat korporatsiyasi vakili Du Mingju bilan viloyatda zamonaviy biznes-markaz, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlarini tashkil etish hamda Navoiy shahrida tashkil etiladigan yangi shaharcha va istirohat bog‘ini raqamlashtirish orqali “smart-siti” tizimini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

“Henan Dimension Internet Company” Co., Ltd va “Beverly Holding Group” Co., Ltd kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham samarali yakun topdi. “Henan Dimension Internet Company” Co., Ltd kompaniya vakillari “Bir kamar – bir yo‘l” dasturi asosida viloyatda 100 gektar yer maydonida “O‘zbekiston – Xitoy” sanoat zonasini, “Beverly Holding Group” Co., Ltd kompaniyasi esa mebelchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish hamda charmni qayta ishlash loyihalarini amalga oshiradigan bo‘lishdi.  

Shuningdek, Biznes-konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Huahe International Business Consaltancy” Co. Ltd kompaniyasi vakili Svetlana Begaliyeva bilan oktyabr oyida Navoiy viloyatida Xitoy ishbilarmon doira vakillari bilan hamkorlikda Navoiy – Xitoy biznes-forumini tashkil etish hamda viloyatning “drayver” sohalaridan kelib chiqib, yetakchi kompaniya vakillarilardan iborat bo‘lgan biznes-missiya yuborilishi yuzasidan kelishib olindi.  

Xitoy safari davomida “Schneider Electric China” Co., Ltd kompaniyasi chet el mijozlari bilan ishlash bo‘yicha direktori Tian Tian bilan noruda va ruda konlarni o‘zlashtirish, shu jumladan, misni qazib olish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishigan bo‘lsa, Xebey provinsiyasi Shitszyachjuan shahridagi “Henan Weishu Internet Technology” Co. Ltd, “Beijing Jinhan Investment” Co. Ltd, “Thungsu Group” Co. Ltd, “Hebei Ceebic Intelligent Measurement and Control” Co. Ltd kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar ham samarali yakunlandi.

Navoiy viloyati hokimi Shanxaydagi yirik biznes markazlarining birida tadbirkorlar bilan uchrashdi.  

Uchrashuvda Shanxay ishbilarmon doira vakillari uchun Navoiyda yaratilgan qulay investitsiya muhiti va sanoat salohiyati hamda investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berilib, qurilish, kimyo, tekstil, elektrotexnika yo‘nalishlarida loyiha takliflari taqdimoti o‘tkazildi. Uchrashuv yakunida bir qator kompaniya vakillari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Uchrashuvlarda shamol generatorlarini qurish, tibbiyot jihozlari, mikrochiplar ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbariyati bilan ham muzokaralar olib borildi.

Delegatsiya a’zolari Xitoyning Gansu provinsiyasining Qurilish-investitsion korporatsiyasi (xolding)da ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzolash hamda fikr almashish bo‘yicha tashkillashtirilgan tadbirda ishtirok etdi.  

Viloyat hokimi va korporatsiya direktorlar kengashi raisi Su Yuexua viloyatda yirik qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borish, Yangi Navoiy shaharchasi barpo etilishida ishtirok etish, zamonaviy va sifatli avtomobil yo‘llari qurilishi, cho‘llashishning oldini olish, mavjud cho‘llarni obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr-mulohaza almashdi.

Navoiy viloyati delegatsiyasining Xitoy ishbilarmon vakillari bilan olti kun davomida olib borgan uchrashuvlari samarali yakunlandi.  

A.Bo‘riyev,

O‘zA muxbiri