Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoydagi Forumda O‘zbekiston tajribasiga qiziqish bildirdilar
10:19 / 2023-05-29

Qirq yil avval boshlangan uzoq muddatli va keng miqyosli loyihani amalga oshirgan Xitoy hukumati 2022 yil yakuniga ko‘ra, 800 milliondan ortiq aholini kambag‘allikdan chiqarishga erishdi. Bu o‘z fuqarolarini munosib hayot tarzi bilan ta’minlashning eng natijador loyihasi edi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin orttirilgan tajribani SHHT mamlakatlariga taklif etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribasini qo‘llay boshladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mahalliy sharoit va xalqning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib loyiha ishlab chiqarildi hamda u samarali qo‘llanilmoqda.  

Xitoyning Shansi provinsiyasi Yanlin shahrida bugun SHHTga a’zo, kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar vakillarining kambag‘allikni qisqartirish, farovon hayot bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan forumi ish boshladi. Uning ishtirokchilari dastlab Xitoy tajribasi mahsuli – kambag‘allikdan chiqarilgan aholi turmush tarzi, mehnat faoliyatini aks ettiruvchi ko‘rgazma bilan tanishdi.  

So‘ngra forumning ochilishi hamda yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda nafaqat SHHT maydonidagi, balki Osiyo, Afrikadagi Xitoy tajribasiga qiziqqan davlatlar vakillari ishtirok etmoqda.    

Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasi ham qatnashyapti.  

Yalpi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Jamshid Qo‘chqorov forum ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.  

–O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish borasida muhim farmon va qarorlar qabul qildi. Kasbga o‘qitish, imtiyozli kredit ajratish va yumshatilgan soliq, ish o‘rni yaratish, munosib ish haqi to‘lash kabi bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi Bosh vazirning o‘rinbosari. – Bu ishlarga davlat 1 milliard dollarga teng mablag‘ ajratdi. Natijada 2022 yilning o‘zida 1 million odam kambag‘allikdan chiqarildi.  

Jamshid Qo‘chqorov yalpi majlisda O‘zbekiston tomonining amaliy takliflarini ham aytdi. Jumladan,  

–Kambag‘allikni qisqartirish tajribasi Xitoyda orttirilgan va bugun barcha mamlakatlarga taklif etilayotgan bo‘lsada, har bir davlat uni boyitib boryapti. Masalan, O‘zbekistonda qishloq aholisi turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilma yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, kichik biznes yuritish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor berilmoqda. Hatto har bir mahallada hokim yordamchisi instituti tashkil etildi. Shuning uchun ham SHHT qoshida kambag‘allikni qisqartirish tajribasini tahlil va targ‘ib qiluvchi doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tuzishni taklif etaman, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.  

Yalpi yig‘ilishda so‘zga chiqqan Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari Mirza Muhammad Afridi, SHHT Bosh kotibi Chjan Min, Shansi provinsiyasi vitse gubernatori Van Syao Chen va boshqalar kambag‘allikni qisqartirish umuminsoniy muammo va zamon oldida turgan vazifa, u bilan hamjihatlikda kurashish zarur, dedilar.

Forum ishi davom etmoqda.

Muhammadjon Obidov, Yanlin, Xitoy.

O‘zA