Joriy yilning 21-24 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi Shixetszi shahrida “International Smart Agricultural Equipment Development – ISAED – 2025” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
“Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etilgan anjuman global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mamlakatlar o‘rtasidagi agroindustrial hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.

Dunyoning turli qit’alaridan yetakchi olimlar, muhandislar, ilmiy markazlar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etgan tadbirning O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori, professor Rasul To‘rayev ham qatnashib, “O‘zbekistonning janubiy mintaqasida mashinasozlik va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun oliy malakali kadrlar tayyorlash istiqbollari” mavzuida ma’ruza qildi. Ma’ruzada agroiqtisodiy salohiyat, mahalliy ishlab chiqarish manfaatlariga mos ta’lim tizimini shakllantirish, dual ta’lim modellarini amaliyotga tatbiq etish va xalqaro tajribalarni lokallashtirish borasida muhim takliflar ilgari surildi. Shuningdek, qator kelishuvlarga ham erishildi.

– Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti delegatsiyasining ushbu nufuzli anjumandagi ishtiroki nafaqat tajriba almashish, balki zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, – dedi professor Rasul To‘rayev. – Safar doirasida Shixetszi universiteti va qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalar bilan amaliy muzokaralar o‘tkazdik. Unda oliy malakali muhandis-kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish hamda innovatsion startaplar uchun hamkorlik sharoitlarini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Xitoydagi agrotexnik universitetlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik loyihalari kelgusida kadrlar sifatini oshirish, ta’lim, fan va sanoatni chambarchas bog‘lash imkoniyatini yaratadi.

Safar chog‘ida TerDMAU delegatsiyasi Shixetszi universiteti rahbariyati, Xitoy qishloq xo‘jaligi uskunalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalari va sohaviy tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda ikki tomonlama ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, agrar sohadagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama etildi. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hamda Shixetszi universiteti o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu hujjat ikki oliygoh o‘rtasida bilim va tajriba almashishni tizimli tashkil etib, oliy ta’lim va ilmiy salohiyatni integratsiyalashtirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shixetszi universiteti Xitoyning g‘arbiy shimolida joylashgan ko‘p tarmoqli va strategik ahamiyatga ega oliy ta’lim muassasasi. U “Project 211” va “Double First-Class” kabi davlat dasturlari doirasida rivojlantirilayotgan universitetlardan biri bo‘lib, agrar, muhandislik, tibbiyot va biotexnologiya sohalarida ilmiy markaz sifatida yetuk tajribaga ega. Universitet qoshida 3 ta milliy laboratoriya, 30 dan ziyod ilmiy markaz va “Science & Technology Park” innovatsion texnoparki faoliyat yuritadi. Ilmiy tadqiqotlar, startap loyihalar va texnologiya transferi orqali uning innovatsion salohiyati tijoratlashtiriladi. Qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar, biologik o‘g‘itlar, agro-dronlar va raqamli monitoring kabi ishlanmalar amaliy jihatdan foydalanishga joriy etilmoqda.

“ISAED – 2025” anjumani Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti uchun ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, yosh tadqiqotchilarni xalqaro maydonga olib chiqish va ta’lim-ishlab chiqarish o‘rtasida samarali integratsiyani ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Xitoyning ilg‘or agrotexnologiyalari va ilmni tijoratlashtirish borasidagi tajribasi O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish va ta’limni modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi.
Zahiriddin To‘rayev,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti axborot xizmati rahbari.
O‘zA