Xitoy janubidagi tabiiy ofat tufayli ikki millionga yaqin odam evakuatsiya qilindi, deb xabar bermoqda “AlJazeera” nashri.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Ragasa” to‘foni sabab Tayvan mintaqasida 17 kishi halok bo‘ldi va yana yuzlab kishi bedarak yo‘qolgan. To‘fon mamlakatning Guandun provinsiyasigacha yetib kelgan.

Ta’kidlanishicha, Tayvanning sharqiy sohilidagi to‘g‘on buzilgan va suv toshqini eng yuqori nuqtasida ikki qavatli binolar balandligiga yetgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlarda Guanfu shaharchasidan o‘tayotgan kuchli suv oqimi transport vositalarini oqizib ketayotgani va ko‘prikni buzib tashlayotgani aks etgan.

Kuchli shamol va shiddatli yomg‘irlarning davom etishi kutilayotgani sababli, mahalliy aholi hushyorlikni saqlab qolishga chaqirilmoqda.
“CNA” yozishicha, Tayvanning ayrim hududlariga 700 millimetrdan ortiq yomg‘ir yoqqan, janub va sharqdagi shaharlarga esa 500-600 millimetr yog‘in tushgan.

Mintaqa rahbari Uilyam Lay Ching-te o‘z bayonotida hududdagi barcha harbiy kuchlar favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun safarbar etilganini ma’lum qildi.

Kecha “Taoyuan” xalqaro aeroportida 160 dan ortiq parvoz bekor qilindi, ayrim hududlarda esa temir yo‘l qatnovlari va yuk tashuvchi kema xizmatlari to‘xtatildi.
Iqlimshunoslar fikricha, “Ragasa” g‘arbga taxminan 20 km/soat tezlikda harakatlanadi va asta-sekin zaiflasha boshlaydi.
O‘.Alimov, O‘zA