Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Osiyo kurash konfederatsiyasi (KCAO) va Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Xitoyning Xanchjou shahrida kattalar kurashi bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Kelishuvga binoan qit’a chempionati, kurash bo‘yicha xalqaro hakamlar seminari kelgusi yilning 25-29 aprel kunlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Shu munosabat bilan Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi vakillari va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ijroqo‘m a’zolari o‘rtasida Zoom platformasi orqali o‘tgan onlayn uchrashuvda qit’a chempionati bir yil kechiktirib o‘tkaziladigan 19-yozgi Osiyo o‘yinlariga muhim tayyorgarlik bosqichi ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, musobaqalar o‘g‘il va qizlar o‘rtasida 15 ta vazn toifasida kechishi, har bir davlatdan ishtirok etadigan sportchilar soni, hakamlar uchun seminarlar tizimi kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 19-yozgi Osiyo o‘yinlari 2023 yilning 23 sentyabr — 8 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Qit’a o‘yinlari tizimidagi kurash bahslari esa 3-5 oktabr kunlari tashkil etilishi belgilangan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA