Xitoydagi yog‘ochdan arka usulda yasalgan mamlakatdagi eng uzun ko‘prik yong‘in tufayli qulab tushdi. 900 yillik tarixga ega ko‘prik Xitoy sharqida Futszyan provinsiyasida joylashgan, deb xabar bermoqda Xitoy Markaziy televideniyesi.
Xabarda keltirilishicha, Pinnan uyezdida joylashgan Vanan ko‘prigida yong‘in shanba kuni tunda boshlangan.
"Hozirda ko‘prik to‘liq yonib bo‘lgan va qulab tushgan, hech kim jabr ko‘rmagan", – deyiladi xabarda.
Vanan ko‘prigi bundan 900 yil avval Sun avlodi hukmronlik qilgan davrda (960-1279) qurilgan. 1708 yilda ham ko‘prik yong‘indan ziyon ko‘rgan va 1742 yilda qayta tiklangan. Shundan buyon ko‘prik biror marta ham ta’mirlanmagan. Ko‘prik 1991 yilda hududiy darajada qo‘riqlanadigan ob’ekt, deb e’lon qilingandi, 2006 yilga kelib esa u milliy darajada qo‘riqlanadigan ob’ekt maqomiga erishdi.
Xitoyning Global Times nashri ta’kidlashicha, Vanan yog‘ochdan arka usulida qurilgan mamlakatdagi eng uzun ko‘prik hisoblanadi (98,2 metr).
Pekin universitetining qadimiy me’morchilik bo‘yicha ekspertlarining ta’kidlashicha, ko‘prikda yong‘in kelib chiqishiga inson omili sabab bo‘lishi mumkin.