Xitoy Yevropa Ittifoqidan import qilinayotgan sut mahsulotlariga nisbatan keskin chora qo‘lladi.
Rasmiy Pekin qaroriga ko‘ra, YeIdan keladigan sut va pishloq mahsulotlariga 28,6 foizdan 42,7 foizgacha vaqtinchalik boj joriy etildi. Bu qaror Yevropa tomonining xitoy elektromobillariga qarshi yuqori tariflar joriy etishiga javob sifatida baholanmoqda.
Xitoy Savdo vazirligi Yevropa davlatlari o‘z fermerlari va sut ishlab chiqaruvchilarini subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlab, XXR ichida noxolis raqobatni keltirib chiqarayotganini ta’kidlamoqda. Unga ko‘ra, bunday yordam Yevropa mahsulotlarining Xitoy bozorida sun’iy ravishda arzon sotilishiga va mahalliy ishlab chiqaruvchilar zarar ko‘rishiga olib kelgan.
Tekshiruv jarayonida Xitoy bilan hamkorlik qilgan kompaniyalarga nisbatan pastroq — 28,6 foizlik boj belgilangan. Tergovda ishtirok etmagan yoki ma’lumot taqdim etmagan ishlab chiqaruvchilar esa eng yuqori — 42,7 foizlik tarifga duch kelmoqda. Bunday tizim XXRning boshqa savdo mojarolarida ham qo‘llanilgan.
Yevropa komissiyasi qarorni asossiz deb atab, uni qayta ko‘rib chiqish niyati borligini ma’lum qildi. Bryussel bu choralar YeI–Xitoy o‘rtasidagi allaqachon tarang bo‘lgan iqtisodiy munosabatlarni yanada keskinlashtirishidan xavotir bildirmoqda. Ayni paytda tomonlar o‘rtasidagi savdo muvozanati, subsidiyalar va bozorga kirish masalalari bo‘yicha qarama-qarshiliklar chuqurlashib bormoqda.
Ekspertlar fikricha, sut mahsulotlariga joriy etilgan yangi bojlar nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasiga, balki Yevropa bilan Xitoy o‘rtasidagi kengroq iqtisodiy munosabatlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA