Xitoy yangi virus keltirib chiqargan ofatni jilovlay olmayapti
Xitoyning turli viloyatlarida korona virusi bilan og‘rigan bemorlar soni 571 kishiga yetdi, deb xabar tarqatmoqda Xitoy Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi.
Xitoyning turli viloyatlarida korona virusi bilan og‘rigan bemorlar soni 571 kishiga yetdi, deb xabar tarqatmoqda Xitoy Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi.
Ularning 95 nafari juda og‘ir ahvolda ekani aniqlangan.
Bundan avvalroq, 473 kishi xastalangani va 17 kishi vafot etgani aytilgan edi.
Virus mamlakatning 25 ta viloyati va shaharlarida tarqalgan. O‘tgan kunda 24 ta viloyat va shaharlarda yana 131 kishi kasallikni yuqtirgan va ularning sakkiz nafariga o‘lim xavf solmoqda.
Vafot etganlarning barchasi keksa yoshdagilar, deyiladi xabarda.
Yana 13 viloyatda 257 ta bemor korona virusi bilan xastalangani ma’lum qilindi.
Bunday hodisalar Gonkong, Makao va Tayvanda ham kuzatilmoqda.
Shuningdek, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlarida ushbu virus bilan kasallangan bir nafar, Tailandda esa uch nafar bemor aniqlandi.
Hozirda Xitoyda bemorlar bilan aloqada bo‘lgan jami 4928 kishi tibbiy nazoratga olingan.
“Global Times” gazetasining yozishicha, Xitoy hukumati korona virus tarqalishi sababli Uxan shahri aholisining shaharni tark etishini vaqtinchalik taqiqlab qo‘ygan. Shuningdek, Uxan shahri hukumati avtobus va metroning faoliyatini to‘xtatgan, vokzal va aeroportlardan reyslar keskin qisqartirilmoqda.
Xubey viloyatida joylashgan Uxan shahri aholisi 11 million kishini tashkil etadi.
Yaponiyaning ANA (All Nippon Airways) aviakompaniyasi o‘z saytida Uxan shahridagi aeroportning yopilishi sababli samolyot parvozlarini to‘xtatganini ma’lum qilgan.
“Korona virus keltirib chiqargan pnevmoniyaning avj olgani sababli Uxanda mahalliy vaqt bilan soat 10 dan aeroportlar yopilgan. Shu sababli NH937 Narita-Uxan va NH938 Uxan-Narita reyslari bekor qilinadi”, deb xabar beradi mazkur kompaniya.
Bundan avvalroq, Yaponiyaning Xitoyda faoliyat ko‘rsatayotgan bir qator kompaniyalari o‘z xodimlarining Xitoyga xizmat safarlarini bekor qilgani aytilgan edi. Kunchiqar mamlakat hukumati bosh vazir devoni huzurida ushbu kasallik bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plab borish bo‘yicha maxsus bo‘lim ta’sis etdi, hatto seshanba kuni vazirlarning maxsus majlisi ham chaqirildi.