Xitoy xalqaro hamjamiyatni, shuningdek, arab va islom davlatlarini Isroil – Falastin nizosiga chek qo‘yish, sektorda gumanitar inqirozning oldini olishga chaqirdi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Van I Pekindagi Dyaoyutay davlat qarorgohida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi tashqi ishlar bo‘linmalari rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Xalqaro hamjamiyat zudlik bilan harakatga tushib, G‘azoda gumanitar falokat davom etmasligi uchun samarali va ishonchli choralar ko‘rishi kerak”, dedi mulozim.
Van I ta’kidlashicha, G‘azoda bir oydan beri davom etayotgan mojaro o‘n minglab insonlar hayotiga zomin bo‘ldi, uylarning 60 foizi vayron, aholining 70 foizi uyini tark etgan.
“G‘azodagi vaziyat butun dunyo bo‘ylab odamlarning qalbini og‘ritib, vijdonini bezovta qilmoqda”, - dedi u.
Tashqi ishlar vaziri Xitoy Falastin masalasida “adolat tarafida” ekanini va ziddiyat boshlangandan beri keskinlikni kamaytirish, begunoh aholini himoya qilish va insonparvarlik yordamini oshirishga harakat qilayotganini ta’kidladi.
Xitoy raisligida BMT Xavfsizlik Kengashi tomonlarni xalqaro huquq va gumanitar huquqni hurmat qilishga chaqiruvchi muhim rezolyutsiya qabul qildi, gumanitar pauza qilish va yordam yo‘laklari yaratishni talab qildi.
“Xitoy arab va islom dunyosidagi birodarlari bilan mojaroga barham berish va Falastin masalasiga keng qamrovli, adolatli va yakuniy yechim topish uchun ishlashga tayyor”, - dedi u.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Falastin tashqi ishlar vaziri Riyod Al-Malikiy Isroil G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi “vahshiyona jinoyatlar” qilayotganini aytdi.
U Isroilning hatti-harakati ikki davlat qarori va falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va mustaqil davlat huquqi tamoyilini buzishini ta’kidladi.
G.Sattorova, O‘zA