Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi konstitutsiyaviy islohotlar bilan tanishdi
19:02 / 2022-07-27

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidovning Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida A.Saidov mehmonlarga Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.

Jumladan, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqlari va manfaatlarini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zarurati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu maqsadlarni hayotga tatbiq etish, xususan, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlarni mamlakatimizning Bosh qomusida aks ettirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 47 nafardan iborat tarkibdagi Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati haqida batafsiz ma’lumot taqdim etildi.

O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bunda Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik qilish huquqi, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirish dolzarbligi haqida fikr yuritildi.

Ta’kidlanganidek, aholining Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini moneliksiz yuborishi uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Aholining konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidagi faolligini yanada oshirish maqsadida mobil aloqa kompaniyalari orqali mamlakatimiz fuqarolariga Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan o‘z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha platformalariga yuborish mumkinligi to‘g‘risida 30 milliondan ortiq abonentga 3 marta eslatma tariqasidagi SMS-xabarnomalar yuborildi. Natijada Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi qizg‘in o‘tmoqda. bugungi kunga qadar 90 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, jamoatchiligimiz konstitutsiyaviy islohotlarni ob’ektiv zarurat sifatida qarab, Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda faol qatnashib, o‘zining aniq fuqarolik pozitsiyalarini bildirishmoqda. Mazkur jarayonda mamlakat taqdiriga befarq bo‘lmagan turli aholi qatlamlari ishtirok etib, ularning barchasiga minnatdorlik bildirilmoqda. Bunda ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etib, takliflarning 70 foizga yaqini aynan ulardan kelib tushayotgani diqqatga sazovordir.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyati davomida qariyb 190 dan ortiq mamlakatlarning Konstitutsiyasi hamda 40 dan ortiq Xalqaro pakt va inson huquqlari sohasidagi boshqa kelishuvlarni tahlil qilganligi ta’kidlandi. Bunda, albatta, Sharqiy Osiyo mintaqasining eng yirik mamlakati bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasining Konstitutsiyasi hamda ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasi ham tahlil qilingani ma’lum qilindi.

O‘z navbatida, elchi berilgan batafsil va tahliliy axborot uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan yuqori baholanishi va kelgusida o‘zaro do‘stona ruhdagi munosabatlar bardavom bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.

Suhbat samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.

O‘zA