Rossiya-Ukraina
Yevropa Ittifoqi fikricha, Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berayotgani to‘g‘risidagi mish-mish hali isbotlanmagan. Bu haqda Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.
“Vaziyatni har kuni nazorat qilib turibmiz, Xitoy tomonidan hali bunday ko‘mak kuzatilmadi”, dedi u.
Germaniya kansleri Olaf Shols tasdiqlashicha, XXR hokimiyati Rossiyaga qurol yetkazib bermaslik va’dasini bergan. “CNN” telekanaliga bergan intervyusida kansler “Xitoy Rossiyaga harbiy ko‘mak bersa, u holda Pekinning holiga voy bo‘ladi”, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya 2022 yil Ukrainaga, taxminan, 14 milliard yevro miqdorida yordam ko‘rsatgan. Bu Yevropa qit’asi vakili Kiyevning yirik donori ekanini ko‘rsatadi.
“Ukrainaga qurol-yaroqdan tashqari moliyaviy ko‘mak ham beryapmiz. Bunday amaliyotni davom ettiramiz”, dedi kansler.
“Xitoy Ukraina bilan bog‘liq ziddiyatni tinch hal qilishda vositachilik rolini bajarishi mumkin”, dedi Chexiya Prezidenti Milosh Zeman “CNN Prima News” telekanaliga intervyusida.
“Yaqinda Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan onlayn muloqot qilganimda unga shu haqda gapirgan edim”, dedi u. Chexiya rahbari “Ukrainani harbiy inqirozga olib kelgani uchun” Rossiya rahbariyatini tanqid qildi.
“Biz Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish tarafdori edik, Ukraina mojarosidan keyin ushbu tamoyildan voz kechdik”, dedi Zeman.
Prezident Aleksandr Vuchich bayonotiga ko‘ra, Serbiya na Rossiyaga, na Ukrainaga qurol yetkazib bermayapti. Bu haqda “Pink” telekanali xabar berdi.
“Biz qurol-aslaha ishlab chiqaramiz va sotamiz. Binobarin, Serbiya nizoli tomonlarga qurol sotmadi”, deya qo‘shimcha qildi Vuchich.
Italiya Bosh Vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid qilib, Ukraina inqirozini keskinlashtirishga yo‘l qo‘ymaslik zarurati haqida gapirdi. “Il Messaggero” gazetasi uning fikridan quyidagi iqtibosni keltirgan:
- Italiya Ukrainani qo‘llovchilarning birinchi qatoridan joy oladi va mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori.
Amerika hokimiyati Kiyevning mag‘lubiyatidan keyin Prezident Vladimir Zelenskiyni unutadi va o‘zining barcha sa’y-harakati haqida eslamaydi ham. AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp davrida mudofaa vaziri maslahatchisi bo‘lgan iste’fodagi polkovnik Duglas Makgregor ijtimoiy tarmoqda amerikalik jurnalist Stefen Gardner savoliga javob qaytarib, shunday degan.
“Menimcha, shunday bo‘ladi. Zero, Qo‘shma Shtatlar Vetnam urushidan so‘ng yaroqsiz, deb hisoblangan aslahalarni Janubiy Xitoy dengiziga tashlab yuborgan, uskunalar uzoq-uzoqlarga suzib ketgan. Shunday keyin hech kim bu haqda gapirmagan”.
Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Shvetsiyaning “SVT” telekanali muxbiriga Ukraina atrofidagi nizo o‘q otishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim imzolangandan keyin to‘xtaydi, dedi.
“Asosiy maqsad – insonlar halok bo‘lmasin. Buning uchun otashkesin to‘xtashi shart, boshqasi hozircha muhim emas”, dedi mulozim.
Abror XON, O‘zA