Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik izchil kengaymoqda. Ana shu jarayonning muhim bo‘g‘ini sifatida Sinszyanda xalqaro integratsiyalashgan hisoblash markazi ishga tushirildi.
2025-yil may oyida foydalanishga topshirilgan mazkur markaz qisqa vaqt ichida 2000 petaflops hisoblash quvvatiga erishdi. Bu sekundiga ulkan hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash imkonini beradi. Yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 10000 petaflopsgacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Qulay geografik joylashuv va “yashil” elektr energiyasi resurslarining boyligi Sinszyanga raqamli infratuzilmani samarali va tejamkor asosda rivojlantirish imkonini bermoqda. Bu esa mintaqa mamlakatlari uchun zamonaviy raqamli xizmatlardan keng foydalanish sharoitini yaratadi.
Mazkur markaz Xitoyning “Sharqiy ma’lumotlar – g‘arbiy hisoblash” tashabbusida hamda Raqamli ipak yo‘lini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. U Markaziy Osiyo davlatlariga sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va mineral resurslar bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilish, shuningdek, ustuvor tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etmoqda.

“Xitoy va Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston bilan fazo-vaqt intellekti bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Ushbu mamlakatlar vakillari markazning yuqori texnik salohiyatini yuksak baholab, hamkorlikni kengaytirish va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hisoblash markazining rivojlanishi mintaqa raqamlashuvini jadallashtirish, texnologik hamkorlikni mustahkamlash va Sinszyan hamda Markaziy Osiyo davlatlarining qo‘shma innovatsion taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA