Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy usuli ijobiy natija ko‘rsatmoqda
16:29 / 2024-09-20

Vohidjon Obidov hamisha yangilikka intilib yashaydi. “Ha, endi o‘zi fermer bo‘lsa, hamma qatori paxta, don yetishtiradi-da”, deguvchilar ham bo‘lgan. Lekin Vohidjon o‘z bilganidan qolmaydiganlardan. Qaror qildimi, bajaradi.

Mana, uch yildirki, u paxtani Xitoy usulida yetishtiradi. Bu nima degani? Birinchidan, tomchilatib sug‘orish usulini qo‘lladi, ikkinchidan, chigitni plyonka ostiga tashlab undirdi, uchinchidan, qo‘shqator ekib, har gektarda kamida 230-250 ming to‘p ko‘chat chiqardi. 

2024 yilda esa yana bir yangilikni joriy etdi: maydonlarni 18-30 gektargacha kengaytirdi va endi hosilni terim mashinasida yig‘ib olyapti. Natija esa kutilganiday yuqori edi. Dastlabki ikki yilda gektaridan 50-55 sentnerdan, bu yil esa 60 sentner hosil oldi.

“Mezon” fermer xo‘jaligi tajribasini ko‘rgani, o‘rgangani viloyatning barcha tumanlaridan kelishdi.

– Fermer uchun yakuniy natija muhim, – dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. – Xitoy usulini qo‘llaganda har gektariga 12 mln.so‘m xarajat qilingan. An’anaviy usulda esa o‘rtacha 22 mln. so‘m sarflanar edi. Rentabellik 50 foizdan oshdi.

Yozyovon tumaniga kelganlar Vohidjon Obidovni savolga “ko‘mib” tashladilar. “Eh, men ham shu usulni qo‘llasam bo‘lar ekan”, derdi ular.

O‘zbekiston Prezidenti Farg‘onaga tashrifi chog‘ida 2025 yilda viloyat to‘lig‘icha Xitoy usulida paxta yetishtirishga o‘tadi, degan edi. Bunday holatda Yozyovon tumanidagi “Mezon” fermer xo‘jaligi barcha uchun tajriba va o‘quv maydoni bo‘ladi.

Ha, darvoqe, 2024 yilning o‘zida Farg‘ona viloyatiga 65 ta “SVAN” hamda “John Deere” terim mashinalari keltirildi va ular yuqori samaradorlik ko‘rsatib, hosilni yig‘ib olishda ishtirok etmoqda.

Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri