Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’ul vakili ommaviy axborot vositalari xodimlarining Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Tayvanga qurol-aslaha sotilishi bilan bog‘liq bayonotlarga qarshi ko‘riladigan choralar to‘g‘risidagi savoliga javob qaytardi. Bu haqda ushbu davlatning mamlakatimizdagi elchixonasi rasmiy saytida xabar berildi.
– XXR TIV saytida Amerikaning 20 harbiy-sanoat kompaniyasi va mazkur tuzilmalarning 10 nafar yuqori lavozimli rahbarlariga nisbatan qarama-qarshi choralar ko‘rilish bo‘yicha qaror qabul qilingani yuzasidan bayonot berildi. Ushbu masalaga rasmiy vakil sifatida qanday qo‘shimcha izoh bera olasiz?
– Ma’lumki, yaqinda AQSH Tayvan mintaqasiga yirik miqdorda qurol-aslaha yetkazib berilishini e’lon qildi. Bunga javoban Xitoy “Xorijiy sanksiyalarga qarshi sa’y-harakatlar to‘g‘risida”gi qonunda ko‘rsatilgan qoidaga asosan, Amerikaning so‘nggi yillarda Tayvanni qurollantirish jarayonida ishtirok etgan harbiy sanoat sohasida faoliyat yurituvchi 20 korxonasi va mazkur kompaniyalarning 10 nafar mansabdor shaxsiga nisbatan qarama-qarshi choralar qo‘llanishi yuzasidan qaror chiqardi.
Ta’kidlab o‘taman, mamlakatimizning tub manfaatlari orasida eng muhimlaridan biri sanalgan Tayvan masalasi Xitoy – AQSH munosabati xaritasida ham kesib o‘tib bo‘lmaydigan eng qalin “qizil chiziq” hisoblanadi. Bu masalada muayyan chegaradan chiqib amalga oshiriladigan har qanday ig‘vogarona harakat qat’iy qarshilikka uchraydi. Tayvanga qurol-aslaha sotish bilan shug‘ullanadigan har qanday kompaniya yoki shaxs qilmishi uchun tovon to‘laydi. Biror mamlakat, hech bir kuch Xitoy hukumati va xalqining milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni ta’minlash yo‘lidagi keskin, mustahkam qat’iyligi, bukilmas irodasi va qudratli imkoniyatlarini mensimaslikka haqi yo‘q.
Xitoy yana bir bor AQSHni “Yagona Xitoy” taomiliga og‘ishmay rioya qilish, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi uch Qo‘shma kommyunike talablariga amal qilish, Amerika yetakchilari tomonidan zimmaga olingan rasmiy majburiyatlarni bajarish, Tayvanni qurollantirishga qaratilgan xavfli harakatlarni to‘xtatish, hudud tinchligi va barqarorligiga putur yetkazish, “Tayvan mustaqilligi”ni yoqlab chiqayotgan separatist kuchlarni noo‘rin qo‘llab-quvvatlashdan cheklanishga chaqiradi.
Xitoy bundan buyon ham milliy suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini mustahkam himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘radi.
O‘zA