Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy  Tayvanga yuqori darajadagi muxtoriyat va’da qilmoqda
17:43 / 2022-08-14

Kuni kecha Xitoyning Tayvan bilan munosabat bo‘yicha ma’ruzasi e’lon qilindi. “Oq kitob” deb ataladigan ushbu ma’ruzada aytilishicha, materik Xitoy Tayvanning yuqori muxtoriyatini saqlab qolish, orol xalqining qonuniy huquqi, manfaatini himoya qilishga va’da beradi.

“Tayvan masalasi va Xitoyning yangi davrda birlashishi” nomli mazkur hujjat Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashining Tayvan ishlari bo‘yicha boshqarmasi va Matbuot bo‘limi tomonidan birgalikda tayyorlandi va chop etildi.

Ma’lumki, Xitoy muayyan dolzarb muammo bo‘yicha o‘z siyosatini belgilash uchun muntazam ravishda turli masalalarga oid "Oq kitob"ni nashr etib keladi.

Bu galgi nashrda Pekin Tayvan oroliga nisbatan pozitsiyani bildirarkan, “Xitoyning birlashishi hech bir davlatning qonuniy manfaatiga, jumladan, Tayvandagi iqtisodiy manfaatiga zarar keltirmaydi, balki barcha mamlakatlar rivojlanishi uchun yanada qulay imkoniyat yaratadi, Osiyoning gullab-yashnashi va barqarorligi uchun qo‘shimcha quvvat beradi.

“Tinch okeani mintaqasi va butun dunyoda “Insoniyat taqdiri mushtarak bo‘lgan hamjamiyat” barpo etish, sayyoramizda tinchlikka erishishga xizmat qiladi, insoniyat taraqqiyotiga ko‘proq hissa qo‘shadi”, deya ta’kidlanadi hujjatda.

Qayd etilishicha, Xitoy Tayvan bilan birlashgach, barcha manfaatdor davlatlar Orol bilan iqtisodiy va madaniy aloqani rivojlantirishda davom etadi, Xitoy markaziy hukumati roziligi bilan xorijiy davlatlar o‘z konsullik muassasalari va boshqa rasmiy yoki Oroldagi yarim rasmiy muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, xalqaro tashkilot va kompaniyalar Tayvanda o‘z vakolatxonalarini ochishi mumkin bo‘ladi.

Hujjatda keltirilishicha, rivojlangan sanoati, tashqi savdosi ko‘lami tufayli orolning rivojlanish darajasi ancha  yuqori. Demak, bo‘g‘ozning ikki tomoni o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmi qayta birlashtirilgandan so‘ng Tayvan iqtisodiyoti bundan-da mukammallashishi uqtiriladi. Tayvan biznesining materik Xitoy bozoriga cheklovsiz kirishi yanada faol rivojlanishni ta’minlaydi, barqaror ishlab chiqarish va ta’minot zanjirini kengaytiradi, mustahkamlaydi.

Pekin, shuningdek, XXRning suvereniteti, xavfsizligi va taraqqiyot manfaati himoya qilinishini alohida ta’kidlarkan, Tayvan Xitoy tarkibida maxsus ma’muriy hudud sifatida yuqori darajadagi avtonomiyadan foydalanishi, tayvanlik vatandoshlarning ijtimoiy tartibi va turmush tarzi hurmat qilinishiga va’da bermoqda. Binobarin, odamlarning shaxsiy mulki, diniy e’tiqodi, qonuniy huquqi va manfaati so‘zsiz hurmat qilinadi.

Xitoy Xalq Respublikasi markaziy hukumati va Tayvan o‘rtasidagi munosabat solnomasiga nazar tashlasak, bu tarix 1949 yildan boshlanganiga guvoh bo‘lamiz. O‘shanda Xitoy Kommunistik partiyasi bilan fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragan Chang Kayshi boshchiligidagi gomindan qo‘shinlari Tayvan oroliga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Orol va materik Xitoy o‘rtasida biznes, norasmiy aloqa 1980-yillar oxirigacha tiklanmadi. Faqat 1990-yillar boshidan tomonlar nodavlat tashkilotlar - Tayvan bo‘g‘ozi orqali aloqani rivojlantirish bo‘yicha Pekin assotsiatsiyasi va Taypey bo‘g‘ozi almashinuv fondi orqali munosabat o‘rnata boshladilar.

Umuman, Tayvan xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan “yagona Xitoy” tamoyili bo‘yicha Chin mamlakati tarkibida ko‘riladi. Shu bilan birga Tayvan alohida ham dunyoning rivojlangan hududi sifatida tan olinadi. Dunyo bozoriga eltadigan suv yo‘li bisyorligi, taraqqiy etgan kapitalistik mamlakatlar bilan munosabat yaxshi yo‘lga qo‘yiligi orolning iqtisodiy jihatdan yuqori daraja rivojlanishini ta’minlagan. Qolaversa, Tayvan AQSHning Tinch okeani mintaqasidagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri. Aynan shu holat “Yagona Xitoy” tamoyili hayotga joriy qilinishi yo‘lidagi asosiy to‘siq hisoblanmoqda. XXR rahbariyati Tayvan bir kun kelib materik Xitoy tarkibiga qo‘shilishi, bu yo‘lda Pekinning yo‘liga hech kim g‘ov bo‘la olmasligini xalqaro minbarlardan mudom ta’kidlab keladi. Inchunin, Xitoy rahbari Si Szinpin ham Oq uyni bir necha bor “olov bilan o‘ynashmaslikka, aks holda ushbu olovda yonib ketish” mumkinligidan ogohlantirgan. Shunga qaramay, Tayvan oroli atrofidagi siyosiy vaziyat vaqti-vaqti bilan keskinlashib turibdi. Masalan, yaqinda AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tinch ummoni mintaqasi mamlakatlariga safari chog‘ida Tayvan oroliga ham namoyishkorona tashrifi mintaqada siyosiy vaziyat keskinlashuviga, hatto, harbiy to‘qnashuv xavfi yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

AQSH ma’muriyati har doim “Yagona Xitoy” siyosatiga sodiqligini ta’kidlab keladi, lekin Pelosining Tayvanga tashrifiga to‘sqinlik qila olmadi. Oq uy ushbu voqeaga munosabat bildirarkan, Pelosi qarorni o‘zi qabul qilishini aytib, javobgarlikdan qochdi.

— Hozir bo‘g‘ozlararo munosabat kelajagi ikki xil ko‘rinmoqda, Tayvan ma’muriyati qaysi yo‘ldan borishni to‘g‘ri tanlashi kerak”, — deydi Xitoy Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Tan Kefey.

Uning ta’kidlashicha, “Vatanni birlashtirish tarixiy jarayonini "to‘xtatib bo‘lmaydi". Xitoy tinch yo‘l bilan birlashish tarafdori, biroq zarurt tug‘ilsa, armiya Tayvanning mustaqillikka erishisht uchun tashqi kuchlar aralashuvini qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan turli separatistik harakatlarga hech qachon imkoniyat qoldirmaydi”. 

Qolaversa, Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Tayvan oroli atrofida keng ko‘lamli harbiy mashq boshlab yuborishi ushbu ogohlantirish shunchaki quruq gap emasligini yana bir bor isbotlagandek.

Nensi Pelosining tashrifiga javoban, raketa, samolyot va harbiy kemadan foydalangan holda, keng ko‘lamli mashg‘ulot tashkil etidi. Mashq 4 avgust kuni orol atrofidagi akvatoriyadagi oltita hududda boshlandi.  Avvaliga 7 avgust kuni tushda yakunlanishi rejalashtirilgan tadbir yana davom ettirildi va  chorshanba kunigacha davom etdi.

Avvalroq mamlakat markaziy televideniyesi Xitoy xalq ozodlik armiyasi endi Tayvan bo‘g‘ozi “o‘rta chizig‘i” sharqida “muntazam ravishda” mashg‘ulot o‘tkazishini ma’lum qildi. Xabarda  shuningdek, XXR “Tayvanning suv hududi yo‘qligi, orol Xitoyning bir qismi ekani va Xitoy floti o‘z hududida suzib yurishini” namoyish etgani ta’kidlangan. Davlatga qarashli “Global Tayms” gazetasi esa, avvalroq, Tayvan yaqinidagi harbiy mashg‘ulot odatiy holga aylanishi, orol va materik Xitoy birlashmaguncha, to‘xtamasligi haqida yozdi.

Albatta, Ukrainadagi vaziyat tufayli global miqyosda urush kelib chiqishi ehtimoli mavjud bo‘lib turgan bugungi qaltis davrda dunyo hamjimiyati Sharqiy Osiyoda yana bir keskinlik o‘chog‘i paydo bo‘lishidan qattiq xavotir olishi tabiiy. Shunday ekan, har qanday siyosiy kelishmovchilik faqat tinch, muzokara yo‘li bilan hal etilishi kerak. Ushbu muammo bugun har qachongidan dolzarb ekaniga guvoh bo‘lib turibmiz.

S.Rahimov,O‘zA