French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy tashqi siyosati va xalqaro hamkorlik
17:51 / 2026-02-05

So‘nggi paytlarda qator g‘arb davlatlari yetakchilarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirayotgan tashriflari xalqaro munosabatlarda kuzatilayotgan muhim jarayonlarni aks ettirmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar va jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar saqlanib qolayotgan sharoitda davlatlar tashqi siyosatda real manfaatlar, pragmatizm va konstruktiv muloqotga tobora katta e’tibor qaratmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ushbu jarayonlarda asosiy o‘zgarish Xitoy siyosatidan ko‘ra, ayrim g‘arb davlatlarining yondashuvlarida namoyon bo‘lmoqda. Xitoy tashqi siyosati uzoq yillar davomida izchillik va barqarorlik tamoyillariga tayanib kelmoqda. Bu esa uni xalqaro maydonda ishonchli hamda mas’uliyatli hamkor sifatida namoyon etmoqda.

Xitoy tashqi siyosiy strategiyasining bunday izchilligi uning boy tarixiy-madaniy merosiga tayanadi. “Uyg‘unlik eng oliy qadriyat” va “turlilikdagi birlik” kabi falsafiy qarashlar amalda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, taraqqiyot modelini majburiy tarzda eksport qilmaslik, mavjud masalalarni tinch va konstruktiv muloqot orqali hal etish, shuningdek, o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatlar uyg‘unligiga asoslangan hamkorlikni izchil ilgari surishda namoyon bo‘lmoqda.

Bugun xalqaro xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlik masalalariga nisbatan yondashuvlar o‘zgarmoqda. Davlatlar global muammolarni yakka tartibda emas, balki hamkorlik va muloqot orqali hal etish zarurligini anglab yetmoqda. Shu nuqtai nazardan, Xitoy bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘plab mamlakatlar uchun amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur global tendensiyalar O‘zbekiston uchun ham dolzarb ahamiyatga ega. Mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat doirasida, turli davlatlar bilan muvozanatli hamkorlikka asoslangan yondashuv asosida Xitoy Xalq Respublikasi bilan o‘rnatilgan har tomonlama strategik sheriklik izchil rivojlanib bormoqda. Bu hamkorlik savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, infratuzilma va innovatsiya sohalarida qo‘shma tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston tashqi siyosatda ochiqlik, o‘zaro ishonch va amaliy natijaga qaratilgan yondashuvni ustuvor deb biladi. Ana shu tamoyillar asosida Xitoy bilan hamkorlik ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli taraqqiyot manfaatlariga to‘liq javob beradi.

Global o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va umumiy taraqqiyot maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

Nilufar Bozorova, O‘zA