Mamlakatimizning Xitoy bilan aloqalari uzoq tarixiy bosqichlarga ega. Bunda iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda ilmiy-madaniy hamkorliklarning ham o‘z tarixi mavjud. Bularning barchasi Buyuk ipak yo‘li imkoniyatlari va ta’sirida kengayib borgan.
Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van I janoblari O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, vazifalari va ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishdi.
Van I janoblari, xususan, markaz foyesidagi 14 ta ravoqda joylashtirilgan allomalar va tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan kompozitsiyalarni tomosha qildi.

Ekspozitsiyaning ilmiy qismida Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino kabi mutafakkirlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissalari haqidagi ma’lumotlar, xususan «Al-Jabr val-Muqobala» asari, algoritm tushunchasining paydo bo‘lishi va lotin raqamlarining shakllanish tarixi Van I tomonidan yuqori baholandi.
Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotiga ko‘ra, oliy martabali mehmon Islom davrigacha bo‘lgan ekspozitsiyada Baqtriya, So‘g‘d, Xorazm, Kushon kabi qadimiy sivilizatsiyalar, ularning Xitoy bilan ilmiy-madaniy aloqalari, Ipak yo‘li tarixi bo‘yicha taqdim etilgan materiallarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.
Ayniqsa uzoq tarixiy hamkorlikning ilk bosqichi sifatida Farg‘ona otlari, beda urug‘i va uzum donlarning Xitoyga olib ketilgani haqidagi ma’lumotlar mehmonda kuchli taassurot qoldirdi.
A.RUSTAMOV, O‘zA