Xalqaro hamkorlik har bir oliy ta’limning maqsadi va bu orqali ular o‘zaro tajriba almashish bilan birga bir-birlaridan juda ko‘p narsalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.
Ayni shu maqsadda joriy yilning 22 oktyabr – 1 noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining “Beijing International Chinese College” tomonidan oliy ta’lim yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi rahbar-kadrlar uchun xitoy ta’lim tizimini o‘rganish va tajriba almashish bo‘yicha seminar-treningda ishtirok etish maqsadida Pekin shahrida xizmat safarida bo‘ldim.
Xizmat safari davrida Pekin texnologiya universitetining Gengdan instituti faoliyati bilan tanishdik. Gengdan instituti Xitoyda xususiy oliy ta’limning yangi ta’lim mexanizmi va shakliga muvofiq faoliyat yurituvchi mustaqil oliy ta’lim muassasasidir.
Shuningdek, 80-sonli maktabda bo‘ldim. U yerda 3000 dan ortiq o‘quvchi, jumladan, 300 nafar chet ellik o‘quvchi tahsil oladi. Har yili ko‘plab taniqli o‘qituvchilar chet elga tashrif buyurish va o‘qish, ta’lim masalalarini muhokama qilish, o‘qitish tajribasini almashish, ilg‘or mamlakatlar maktablari bilan ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish va hokazolar uchun boradilar. Maktab AQSH, Avstraliya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Kanada va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, u xitoylik talabalarga chet elda o‘qish, chet eldagi do‘stlik maktablarida qatnashish va xorijdagi qishki va yozgi lagerlarda qatnashish imkoniyatini beradi. Xalqaro talabalarga ham maktabga kirishga ruxsat beriladi.
Pekin shahridagi o‘rganishlarda eng e’tiborimni tortgan narsa maktab ta’limi bo‘ldi. Birgina maktab kutubxonasida 36 ming xil kitob, mutolaa uchun 20 ta alohida xona, madaniy xordiq uchun ham joylari mavjud.
Maktab tizimida erkinlik bor. Bir sinfda 18-20 nafar bola, ayrim xonalarda umuman parta-stul yo‘q, gilam to‘shab qo‘yilgan. Ayrimlarida ikkalovi ham bor. O‘quvchi istasa yerda, istasa stulda o‘tirib darsni tinglashi mumkin. Har bir sinf xonasida oynali ikkita eshik. Bu ichkaridagi dars jarayonini kuzatish imkonini beradi.
Maktabda umuman texnik xodimlar yo‘q. O‘quvchilar o‘zlari hamma joyni navbatchilik asosida tozalashadi. Dars vaqtida yo‘qlama qilinmaydi, sababi butun maskanda kamera, monitor orqali yo‘qlama qilish imkoni mavjud. Maktab ta’limi 3 bosqichga bo‘linadi. Birinchisi, 1-6 sinfda boshlang‘ich, bu vaqtda bola baholanmaydi. 6-sinf yakunida imtihon topshirilib, keyingi bosqichga o‘tiladi. 7-sinfdan 9-sinfgacha 2-bosqich bo‘lib, 3 yil o‘qigach, oxirgi bosqich, 10-,11-,12-sinflardagi ta’limni olishadi. O‘quvchi yiliga ikki marta imtihon topshirib, bilimlari baholanadi. 12-sinf yakunida yagona imtihon markazi orqali imtihon topshirib, universitetlarga kirishlari mumkin.
Shuningdek, safar davomida juda ko‘plab maskanlarda, jumladan, ta’lim nashriyot uyiga tashrif buyurib, Xitoyda xattotlik san’atining rivojlanishi, xitoy oliy ta’lim muassasalari uchun nashr etilayotgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan tanishishga muyassar bo‘ldim.
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali hamda Xitoyning Gendan instituti bilan kelgusida tegishli sohalar kesimida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Pekin xalqaro xitoy kolleji bilan kelgusida xitoy tilini o‘qitish, ta’lim sohasida xamkorlik qilishga kelishib olindi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, yuqorida keltirilgan taassurotlarning o‘zidanoq Xitoy ta’limidan o‘rgansa bo‘ladigan jihatlar ko‘pligini anglash mumkin.
D.Xoliqulov,
TDTU Olmaliq filiali
direktor o‘rinbosari