Xitoy “shakar solig‘i” masalasini muhokama qilmoqda
“Financial Times” xabariga ko‘ra, Xitoy hukumati tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklarga maxsus soliq joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu tashabbus orqali byudjetni ko‘paytirish va ortiqcha shakar iste’moli tufayli yuzaga kelayotgan salomatlik bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish ko‘zda tutilgan. Ayni payt XXR shirin ichimliklar uchun milliy soliq qo‘llamagan kam sonli yirik davlatlardan biri sanaladi. Hozir 115 ga yaqin mamlakatda ayni amaliyot mavjud.
Tadqiqotchilar fikricha, 20 foizlik “shakar solig‘i” yordamida minglab insonlar bevaqt vafot etishining oldi olinadi. Xususan, semirish, qandli diabet kabi ko‘plab surunkali kasalliklar paydo bo‘lishi xavfi kamayadi.
Xitoyda 2025-yil tasdiqlangan ovqatlanishga doir tavsiyaga muvofiq, 2030-yilgacha bir kishi uchun kunlik shakar iste’molini 25 grammgacha tushirish rejalashtirilgan. Hozir bu ko‘rsatkich o‘rtacha 30 grammni tashkil etadi. Ma’lumotga ko‘ra, ushbu mamlakatda voyaga yetgan aholining yarmidan ko‘pi ortiqcha vaznga ega. Shakar iste’molini cheklashga qaratilgan soliq siyosati ushbu muammoni yumshatishga xizmat qilishi mumkin.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA