Samarqand viloyat musiqali drama teatrida “O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari” tadbirlari doirasida o‘zbek va xitoy san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Konsert avvalida O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov va Xitoy madaniyat vaziri o‘rinbosari Lui Chuan so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari keyingi yillarda mustahkamlanib borayotanini ta’kidladi. Bu ikki davlat madaniyat va san’at sohasi vakillarining madaniy almashinuv hamda ijodiy hamkorligiga ham yangi sur’at berayotgani qayd etildi.
– Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy munosabatlar bilan birga madaniy hamkorlik ham yildan-yilga kengaymoqda, – dedi Lui Chuan. – Jumladan, ikki davlatda madaniyat kunlarini o‘tkazish muntazamlik kasb etdi. Bunday tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Biz o‘z san’atimizni Samarqanddek qadimiy madaniyat o‘chog‘ida namoyish etayotganimizdan mamnunmiz.
[gallery-26571]
Ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar, betakror san’at asarlari yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
– Bunday madaniy uchrashuvlar talabalar uchun Xitoy madaniyati bilan yaqindan tanishishga qulay imkoniyat, – deydi Samarqand davlat chet tillar institutida faoliyat ko‘rsatayotgan xitoylik o‘qituvchi Tang Yide. – Bugun talabalarimiz ana shunday imkoniyatga ega bo‘lib, bizning madaniyat va san’atimiz haqidagi tushunchalarini boyitdilar.
Tadbir doirasida Xitoyning milliy choy marosimi, kaligrafiya san’ati, an’anaviy hunarmandchilik namunalaridan iborat ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Mehmonlar mazkur ko‘rgazmalar bilan tanishishda nafaqat tomoshabin, balki ayrim jarayonlarda ishtirokchi ham bo‘ldilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari