English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy qalampiri va italiya brokkoli karami
13:28 / 2018-09-05

Samarqand viloyatida 1800 ga yaqin fermer xoʻjaligi joriy yilda ilk bor 1500 gektar maydonda achchiq qalampir ekdi. Eksportga moʻljallangan ushbu mahsulot asosan meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda yetishtirilmoqda


Samarqand viloyatida 1800 ga yaqin fermer xoʻjaligi joriy yilda ilk bor 1500 gektar maydonda achchiq qalampir ekdi. Eksportga moʻljallangan ushbu mahsulot asosan meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda yetishtirilmoqda.

98733254-42cc-45e8-8636-a5aa9ae91ba3.jpg

Jumladan, Jomboy tumanidagi fermer xoʻjaliklari 830 gektar yerga mahalliy va xorijdan keltirilgan serhosil achchiq qalampir ekkan.

– Bugungi kun fermerdan bozor talabidan kelib chiqib mahsulot yetishtirish va koʻproq daromad olishni taqozo etmoqda, – deydi tumandagi “Haqiqat” muqobil mashina-traktor parki raisi Baxtiyor Nodirov. – Masalan, bizning iqlim va tuproq sharoitimizga mos achchiq qalampir ekib, daromad qilishni shu paytgacha oʻylab koʻrmagan ekanmiz. Bu yil mutaxassislar tavsiyasi asosida va xorijiy tajribadan kelib chiqib, tumanimizdagi 179 fermer xoʻjaligi jami 44 gektar maydonda achchiq qalampir ekdi. Hozir barcha maydonlarimizda moʻl hosil yetishtirilgan. Ayniqsa, Xitoydan keltirilgan nav hosildorligi ancha yuqori ekan. Gektaridan 12 tonnagacha mahsulot olish mumkin. Hozirda bir kilo achchiq qalampirning shartnomada koʻrsatilgan xarid narxi 2,5 ming soʻm ekanini hisobga olsak, dehqon ushbu mahsulotdan yaxshigina daromad qilishi oʻz-oʻzidan ayon boʻladi. Shu bois, kelgusi yilda yana ham koʻproq maydonga qalampir ekishni rejalashtiryapmiz.

Tumanda qalampir bilan birga brokkoli karami, soya kabi yangi ekin turlari ham keng miqyosda ekilmoqda. Xususan, bu yil “Xalilov Sherzod Shuhratovich” MCHJ tomonidan 63 gektar maydonga takroriy ekin sifatida brokkoli karami va gulkaram ekildi. Asosan eksportga chiqariladigan mahsulot tomchilab sugʻorish texnologiyasi asosida parvarishlanmoqda.

– Mutaxassislarning fikricha, brokkoli karami oʻzining foydali xususiyatlari bilan sabzavotlar orasida alohida ahamiyatga ega, – deydi Jomboy tumani qishloq xoʻjalik boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Asliddin Mamatmusayev. – Shuning uchun ham jahon bozorida eng xaridorgir mahsulotlardan hisoblanadi. Dastlab bu ekin Italiyada yetishtirilgan, keyin Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqalgan ekan. Bugungi kunda bizning yurtimizda ham ayrim hududlarda ekilmoqda. Tumanimizda ham brokkoli karamini keng koʻlamda yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda. Mahsulotni xarid qilish boʻyicha rossiyalik hamkorlar bilan shartnoma imzolangan. Bundan tashqari, joriy yilda 200 gektar yerga soya, 140 gektarga pirey piyozi (lukpari), 60 gektar maydonga oq piyoz singari noyob oʻsimliklar ekilgan.