Xitoy hukumati nodir yer osti metallari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan muvaqqat qoida e’lon qildi, deya xabar tarqatgan "Sinxua" agentligi.
Yangi tartibga ko‘ra, davlat har yili noyob yer unsurlarini qazib olish va qayta ishlash uchun kvota belgilaydi. Muayyan me’yor milliy taraqqiyot ustuvorligi, zaxiraning hajmi va navi, ekologiya va bozor talabi, soha istiqboli kabi omillarni inobatga olgan holda, korxonalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Kompaniyalar shu asosda, qonun va ma’muriy qoidaga qat’iy rioya qilgan holda ishlashi shart. Tuproq tarkibidagi noyob moddalar ishlab chiqaruvchilar mahsulot xususiyatini qayd etishi, davlat kuzatuvi tizimiga tegishli ma’lumot kiritishi lozim.
Mahalliy hokimiyat idoralariga korxonalar faoliyatini nazorat qilish, tekshirishni kuchaytirish, shuningdek amaldagi qonunchilik doirasida huquqbuzarlikning oldini olish tavsiya etiladi.
Mazkur hujjat Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan Taraqqiyot va islohotlar davlat komissiyasi hamda Tabiiy resurslar vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Noyob tuproq metallari ro‘yxatiga yassi ekranli televizordan tortib, lazer va gibrid avtomobilgacha - yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishda keng qo‘llanadigan 17 xil element kiritilgan.
S.Rahimov, O‘zA