Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash sari yana bir dadil qadam
17:18 / 2023-05-19

Xitoy Xalq Respublikasining Shansi provinsiyasida joylashgan Sian shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi sammit ishtirokchi davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, joriy yil ushbu mamlakatda tashkil etilgan eng yirik diplomatik voqea hisoblanadi. Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati bor: bundan 31 yil avval Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan davrdan buyon ushbu mamlakat yetakchilari ilk bor birga uchrashdilar.

Anjuman kun tartibi hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan. Shuningdek, o‘zaro manfaatlar kesishgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilyapti. Fikrimizcha, “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti aynan hozir tashkil etilishining bir necha sababi mavjud.

Birinchidan, XXR va Markaziy Osiyo davlatlari o‘z rivojlanish tarixida o‘ta muhim davrni boshdan kechirmoqda. Demak, geografik qo‘shni hududlar ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy rejalarini muvofiqlashtirishga intilishlari tabiiy. Anjuman umumiy strategik o‘zaro ishonchni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Bunday hatti-harakat natijasida do‘stona qo‘shnichilik, har tomonlama strategik sheriklik munosabatiga erishiladi.

Ikkinchidan, sammit “Bir makon, bir yo‘l” strategik loyihasini amalga oshirish jarayoniga yangi turtki beradi. Bilamizki, Markaziy Osiyo davlatlari mazkur tashabbusni birinchi bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan va bu yo‘lda hamkorlik o‘rnatgan. Natijada, Xitoy va mintaqa davlatlari o‘z rivojlanish strategiyalari, siyosiy aloqalari, savdo-sotiq, transport, moliyaviy integratsiya va gumanitar sohalardagi o‘zaro munosabatlarini muvofiqlashtirishdi.

Uchinchidan, anjuman mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shadi. Keyingi yillarda xalqaro maydonda siyosiy bo‘hron kuchayib, yetakchi davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik, turli “kuch markazlari” tomonidan kuzatilayotgan agressiv hatti-harakatlar ko‘lami kengayib borayotgan bir vaziyatda xavfsizlik bilan bog‘liq dolzarb masalalarda fikr almashiladi. Istiqbolda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqa rivojlanishi butun mintaqaning tinch taraqqiyoti uchun muhim.

Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash o‘ta dolzarb masala ekanini qadrlagan holda, har bir mamlakatning rivojlanish yo‘lini hurmat qiladi, o‘zaro asosiy manfaatga daxldor masalada bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, tashqi kuchlarning mamlakatlar ichki ishiga aralashuvini qat’iy qoralaydi, hech qaysi va hech qanday kuch Markaziy Osiyoda muammo yaratishiga yo‘l qo‘ymaydi. Sammitda davlatlar rahbarlari Afg‘oniston va boshqa o‘tkir mintaqaviy hamda xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashishi va tadbir yakunida xalqaro hamjamiyatga xorijiy munosabatdagi barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan da’vat bilan chiqishi rejalashtirilgan.

Sammit maydonida XXR raisi Si Szinpinning Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston davlatlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari ham rejalashtirilgan. Ushbu muloqotlarda Markaziy Osiyo davlatlarining XXR bilan bog‘liq muhim iqtisodiy-ijtimoiy loyihalari muhokamasi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Turkmaniston Xitoyga gaz yetkazib beruvchi gaz quvurlarining keyingi navbatini qurish masalasini muhokama qiladi, Qozog‘iston fuqarolar o‘zaro chegarani vizasiz kesib o‘tishi to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashni rejalashtirgan.

O‘zbekiston ham “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etar ekan, mintaqa uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish namoyon etishi, ijtimoiy va siyosiy barqarorlik ta’minlanishi, mintaqaviy xavfsizlik yanada mustahkamlanishiga umid qiladi. Haqiqatan, keyingi yillarda Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi ortib borishi bilan birga, mintaqa xavfsizligi bilan bog‘liq “og‘riqli nuqtalar” to‘liq yechim topmay kelyapti. Afg‘onistonda tinch hayotni ta’minlash, giyohvand vositalar tranziti va savdosi, diniy va mafkuraviy ekstremizmning oldini olish shular jumlasiga kiradi. Ushbu masala yechimi mintaqa mamlakatlarining o‘zaro kelishilgan hatti-harakatini taqozo etib, barcha mamlakatlar manfaatiga mos keladi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston delegatsiyasining sammit kun tartibi doirasida tashkil etiladigan muhokamalarda aynan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalasida faollik ko‘rsatishi kutiladi.

O‘zbekiston “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitining ko‘p tomonlama formatidan unumli foydalangan holda, Xitoy bilan ikki tomonlama munosabatni ham yuqori qadrlaydi. Buning asosiy sababi iqtisodiy, siyosiy va gumanitar sohalarda erishilgan munosabatning yuqori darajasidir.

Xitoy bugungi kunda O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sheriklaridan biri. O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishda Xitoy ushbu davlat sanoat mahsulotlari va texnologiyalari ulushi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xitoy investitsiyasi miqdori, Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilayotgan korxonalar soni yildan-yilga o‘sib bormoqda. Xitoy kapitali bugungi kunda neft va gaz, kimyo, qurilish materiallari, farmatsevtika, agrar sektor, yengil sanoat, aloqa va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida jadal ko‘paymoqda.

Ijtimoiy va gumanitar sohalarda ham aloqa jadal kengayib borishi kuzatilyapti. Toshkent va Samarqand shaharlarida 2004 yildan beri Xitoy tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan Konfutsiy instituti faoliyat olib boradi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda sinologiya yo‘nalishida ta’lim berish, ilmiy-tadqiqot olib borishga ixtisoslashgan yagona tayanch universiteti hisoblanadi. Universitetda bir vaqtning o‘zida 700 ga yaqin talaba Xitoy tili, madaniyati, tarixi, iqtisodiyoti va siyosatini o‘rganib kelmoqda. Ko‘plab professor-o‘qituvchilar, talabalar Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirgan, tahsil olgan. Ikki mamlakat olimlari tomonidan monografiya, darsliklar yaratish, ilmiy tadqiqot o‘tkazish ko‘lami kengayib bormoqda.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammiti doirasida muhokama qilinadigan masalalar va erishiladigan kelishuvlar mintaqa mamlakatlarida iqtisodiy hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishi barobarida mintaqamiz davlatlarining o‘rta va uzoq istiqboldagi rivojlanish jarayonini ta’minlashda muhim, dadil qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Q.Haqberdiyev,

TDSHU huzuridagi

Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish

ilmiy-tahlil markazi direktori