Xitoy mamlakatga kelganlar uchun COVID-19 bo‘yicha karantinni bekor qiladi
2023-yil 8 yanvardan boshlab XXR hududiga kirish uchun faqat salbiy koronavirus testi talab qilinadi.
«Xitoyga kelgan shaxslar jo‘nashdan 48 soat oldin PSR-testidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Salbiy natija aniqlangan hollarda, ular bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish asnosida elchixona yoki konsullikda salomatlik kodi talab etilmasdan XXR ga kirishlari mumkin bo‘ladi», — deyiladi Xitoy markaziy televideniye xabarida.
«Sinxua» agentligining yozishicha, deklaratsiyada sog‘lig‘i yomonlashgani haqida xabar bergan yoki tana harorati oshgan yo‘lovchilar bojxonada antigenga tekshiriladi. Agar natija ijobiy bo‘lsa, ularga tuzalib ketguniga qadar uyda karantinda bo‘lish yoki sog‘lig‘ining ahvoliga qarab shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.
Xorij OAV materiallari asosida G. Abdullayeva tayyorladi, O‘zA