Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron avgust oyida Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadigan BRIKS sammitiga kiritilmasligi kerak. U avval siyosatini o‘zgartirishi lozim. Bunday fikrni Xitoyning “Guancha” internet portali o‘quvchilari qo‘llab-quvvatlab chiqishdi.
“G‘arb o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishni biladi”, deyilgan bayonotda. Sharhlovchilar fikricha, G‘arbning takabburligiga qarshi kurashish kerak, G‘arb davlatlari xalqaro maydondagi qilmishlari uchun javob berishi lozim.
23 iyul kuni Makron Janubiy Afrika sammitiga taklif qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Mamlakat Prezidenti Siril Ramafosa mezbon mamlakat – BRIKS raisi sifatida 70 davlat rahbariga taklifnoma jo‘natgan, ro‘yxatda Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya yetakchilari yo‘q.
Avvalroq, “L'Opinion” gazetasi xabariga ko‘ra, Makron afrikalik hamkasbidan sammitda qatnashish uchun taklifnoma yuborishni so‘ragan. “Ramafosa bu iltimosdan hayratda qolib, unga javob ham qaytarmadi”, deyiladi maqolada.
Moskva Rossiya va boshqa davlatlarga qarshi bir tomonlama sanksiya siyosatiga qo‘shilgan davlatlar BRIKS ishiga aralashmasligi kerakligidan kelib chiqib, bu davlatlarni anjumanga taklif qilmaslik istagini bildirgan.
BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi) 22-24 avgust kunlari Yoxannesburg shahrida yig‘iladi.
O‘zA