Toshkentda Xitoy mahsulotlari uchun omborxona ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Buyurtmadan oldin tovar yetkaziladi” shiori ostida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ochilgan omborxona Xitoy savdogarlari hamda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo iste’molchilari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Bilamiz, xorijiy mamlakatlar va xarid qiluvchi hududlarda eksport yoki transchegaraviy elektron tijorat kompaniyalar tomonidan tashkil etilgan turli mahsulotlar arsenali xorijiy omborxona hisoblanadi.
Shunday ekan, mazkur ob’ektni tashkil etishdan maqsad – savdogar va xaridor uchun qulay sharoit yaratish. Kelajakda O‘zbekistondagi ushbu omborxona kengaytirilib, Xitoyning eksport tovarlarini taqsimlash markaziga aylantiriladi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil oxirida Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSH va boshqa mamlakatlarda umumiy maydoni 16 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan 2 mingdan ziyod Xitoy mahsulotlarining xorijiy omborxonalari bo‘lgan.
Tadbir ochilishida Xinjiang Asia-Europe International Materials Trading Center Co.Ltd. kompaniyasi raisi, Xitoy mahsulotlarining Toshkent omborxonasi operatori Chjan Xunpin O‘zbekistondagi omborxona Xitoyning eng yuqori sifatli mahsulotlari uchun mo‘ljallanganini qayd etdi.
Anjumanda onlayn rejimda, o‘zbek tovar-xomashyo birjasi platformasiga ulanish orqali mahalliy va xorijiy mahsulotlar haqida ma’lumot almashilishi qayd etildi.
– Logistika xarajatlarini kamaytirish va marketing uchun sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida xorijiy omborxonalarga jo‘natish uchun shu yerda Xitoy mahsulotlarini saralash ishlari tashkillashtiriladi, – dedi kompaniya raisi.
Xinjiang Zhongya Yinhe Supply Chain Management Co.Ltd. raisi, Xitoy tovarlarni xorijiy omborlarga yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekistondagi vakili Ten Jibo ushbu omborning ishga tushirilishi savdoni kengaytirishda Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun imkoniyat ekanini ta’kidladi.
Kelgusida kompaniya O‘zbekiston bozoriga yanada sifatli energiya tejamkor, ekologik xavfsiz, texnologik innovatsion va raqamli mahsulotlarni olib kirishni rejalashtirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Xinjiang Asia-Europe International Material Trading Center Co., Ltd. kompaniyasi 2010 yil sentyabrda tashkil etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo davlatlari bilan transchegaraviy savdo qilish uchun Xitoydagi ilk davlat xizmatlarini amalga oshiruvchi platforma hisoblanadi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA