Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy KXDRni yadroviy davlat sifatida tan oldimi?
19:10 / 2025-09-10

O‘tgan hafta Pekin o‘tkazgan yirik harbiy paradda diplomatiya nuqtai nazaridan eng ko‘p foyda ko‘rgan shaxs Kim Chen In bo‘ldi.

Si Szinpin va Vladimir Putin bilan yonma-yon turib, u o‘zini G‘arbga qarshi shakllanayotgan “muqobil tartibot” markazida ko‘rsatdi. Putindan “Shimoliy Koreya askarlarining qahramonligi hech qachon unutilmaydi” degan so‘zlarni eshitgan Kim Xitoy rahbari bilan so‘nggi olti yil ichidagi ilk bevosita uchrashuvini o‘tkazdi. Hatto, Rais uni Pekindagi mashhur qarorgohida shaxsiy ziyofat maqomida kutib oldi – bunday sharaf faqat Putin va Ingagina nasib etdi.

Eng muhim lahza sammitning rasmiy bayonotida ko‘zga tashlandi: hujjatda ilk bor “Koreya yarim orolining yadrosizlanishi” haqida hech narsa qayd etilmagani ko‘pchilikning e’tiborni tortdi.

Ekpertlar aytishicha, Xitoy ancha yil davomida o‘zgarmagan yondashuvidan voz kechgan. Ya’ni, Pekin amalda Koreya Xalq Demokratik Respublikasini yadroviy davlat sifatida qabul qilgan bo‘lishi mumkin.

Kim esa bu ruhiy ustunlikni tezda mustahkamladi. Uning kuzatuvida Pxenyanda yangi avlod qit’alararo raketasini harakatga keltiruvchi kuchli dvigatel sinovi o‘tkazildi.

Seul fikricha, Xitoyning roziligi Shimoliy Koreyaga o‘z yadroviy maqomini saqlab qolish uchun siyosiy “yo‘llanma” beradi.

Darvoqe, AQSH Prezidenti Kim bilan diplomatik aloqani tiklashga tayyorligini bildirgan, biroq hozir u Ukraina va Yaqin Sharq inqirozi bilan ovora.

Xitoy va Rossiyaning Pxenyanga yanada yaqinlashuvi mintaqadagi kuchlar muvozanatini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Rossiya allaqachon Shimoliy Koreyaning yadroviy qurollanishini “tushunarli holat” deb atadi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, hatto, Pxenyanning “yadroviy intilishini hurmat qilishi”ni ta’kidladi.

Pekin bunday keskin baho berishdan tiyilsa-da, amalda shimolliklarni qo‘llab-quvvatlayotgani ko‘rinib turibdi. Bunday yondashuv mintaqada “yadroviy domino holati”ga olib kelishi mumkin. Ya’ni, Janubiy Koreya va Yaponiyada ham mahalliy yadro dasturlarini boshlashga chaqiriq kuchaymoqda.

Agar Vashington “soyaboni” ishonchsiz ko‘rinsa, Seul va Tokio mustaqil harbiy zaxirasini yaratishga urinishi tabiiy.

Shu tariqa Pekinning Pxenyanga nisbatan munosabati global yadro quroli tarqalishini to‘xtatishga qaratilgan xalqaro kelishuvni zaiflashtirishi, boshqa davlatlarga ham rag‘bat berishi ehtimoldan xoli emas.

Musulmon Ziyo, O‘zA sharhlovchisi