Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi a’zosi, xalqaro bo‘lim boshlig‘i Lyu Szyunchao boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga keldi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi I.Botirov, Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh. Yo‘ldoshev bilan uchrashdi.
So‘ngra viloyatimizdagi bir qator mahallalarda bo‘lib, fuqarolar yig‘inlari faoliyati bilan tanishdi.
Jumladan, mehmonlar Samarqand tumanidagi Konigil turizm mahallasida joylashgan qog‘oz ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi. Bu yerda "mahalla yettiligi" faoliyati, aholi xonadonlarida turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani, oilalarda kattayu kichikning hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati turlari bilan shug‘ullanib, daromad topayotgani xususida mehmonlarga ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, Xitoy delegatsiyasi a’zolari 3 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan Charmgari mahallasi faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuvlar mobaynida mehmonlarga mahalla instituti, uning jamiyat hayotidagi o‘rni, mahalla raisi faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlar Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli va boshqa tarixiy obidalar bilan ham yaqindan tanishdi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari