Xitoy kompaniyasi Qozog‘istonda robot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi
Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Xitoy ushbu qardosh davlatda odamsimon robot ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish niyatini bildirgan.
– Hamkorlik doirasida “AgiBot” kompaniyasi robot hamda sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqarish va joriy etish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda, – deyilgan shu haqdagi bayonotda.
2023 yil fevralda tashkil etilgan, umumiy maqsadli gumanoid robotlar yaratish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur XXR brendi sun’iy intellekt, robototexnika texnologiyalarini faol rivojlantirmoqda, sanoatdan uy-ro‘zg‘or ishlarigacha, keng ko‘lamli ilovalar uchun robotlar yaratmoqda. 2024 yil dekabr oyida “AgiBot” Shanxaydagi zavodidan 1000 donaga yaqin “temir-odam” chiqargan.