Samarqand viloyati hokimi boshchiligidagi rahbar va tadbirkorlardan iborat delegatsiya shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Dastlab Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni rahbarlari va tadbirkorlari bilan uchrashuv va biznes forumlar o‘tkazib muhim kelishuvlarga erishgan samarqandliklarning navbatdagi manzili Guangdong provinsiyasida bo‘ldi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Guangdong provinsiyasi Xalq majlisi doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Chjan Shofu o‘rtasidada uchrashuvda barcha darajadagi aloqalar dinamikasi oshib borayotgani, siyosiy muloqot va muhim masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mustahkamlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Muloqotda ikki tomon ham ko‘plab sohalarda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Shundan so‘ng, Erkinjon Turdimov Guangdong provinsiyasidagi yirik kompaniya va tadbirkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, muhim kelishuvlarga erishdi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Jumladan, Royall lii kompaniyasi rahbariyati bilan Ishtixon tumanida ko‘p tarmoqli shifoxona qurish loyihasi muhokama qilingan bo‘lsa, Xinguan Nong Ranch korporatsiyasi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va parrandachilikni rivojlantirish loyihasini amalga oshirishga kelishdi. Xinjiang Wanli Textile Machinery Co., Ltd kompaniyasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Pastdarg‘om tumanida gilam, parda va mebel matolarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan uskunalarni ishlab chiqarish muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Chongqing Huapu Qingling hamda HPF Group korxonalari rahbarlari bilan misni qayta ishlash, kabel ishlab chiqarish hamda logistika markazini qurish loyihalari yuzasidan muloqot olib borildi.
“Nova” assotsiatsiyasi rahbari “Bir kamar — bir yo‘l” doirasida 39 nafar xitoylik investor bilan Ishtixon tumanida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilganligini ma’lum qildi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri