Respublikada chiqindilarni samarali boshqarish barobarida ekologik barqarorlikni ta’minlash va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirish muhim jarayon sanaladi.
Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligida Xitoy Xalq Respublikasining “Shanghai SUS” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik direktori Sharifbek Hasanov hamda tashabbuskor kompaniya rahbari doktor Long Jisheng boshchiligidagi mas’ullar ishtirok etdi.
Jarayonda chiqindi yoqish zavodlarida borayotgan qurilish jarayonlariga to‘xtalib o‘tildi, deyiladi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotida.
Uchrashuvda shuningdek, Qashqadaryo viloyatida chiqindilarni qayta yuklash punktlarini barpo etish masalalari muhokama qilindi. Kompaniya tomonidan mazkur loyihalarni amalga oshirishda yuqori qiziqish bildirilib, investitsiya kiritish tashabbusi ilgari surildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA