XXR sharqidagi Shandun muzofotida joylashgan kimyoviy zavodda kuchli portlash sodir bo‘ldi. Natijada kamida besh kishi halok bo‘ldi, 19 kishi jarohatlandi. Olti nafar ishchining taqdiri hali noma’lum. Bu haqda “Euronews” yozgan.
Hodisaga aynan nima sabab bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan. Veyfan shahridagi sanoat hududida barpo etilgan, 500 dan ziyod xodim ishlaydigan ushbu korxona tibbiy maqsadda foydalaniladigan pestitsid va kimyoviy moddalar ishlab chiqaradi.
Holatni o‘nglash uchun mahalliy yong‘in xavfsizligi xizmatidan 230 kishi voqea joyiga yuborilgan.
Xitoy hukumati ish joyida xavfsizlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi, ammo ayrim muammolar baribir saqlanib qolmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2024 yil 21 800 baxtsiz hodisada 19 600 nafar inson halok bo‘lganini qayd etdi.
2015 yil Tyanszinda juda ko‘p miqdorda xavfli kimyoviy modda saqlanadigan ombor yonib ketishi oqibatida 173 kishi hayotdan ko‘z yumgan. 2019 yil Xitoyning sharqiy qirg‘og‘i bo‘yidagi Jiangsu muzofoti Yancheng shahridagi kimyo zavodida yuz bergan portlash tufayli 78 kishi qurbon bo‘lgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA