Jizzax viloyati hokimligida Xitoy Xalq Respublikasining Xenan provinsiyasi, Chjenchjou shahri vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya tarkibida “Henan Investment Group Co., Ltd.” kompaniyasi, “Henan Biotech Industry” partiya qo‘mitasi hamda “Henan Biotech Industry Group Co., Ltd.” vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvni Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ochib, hududda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, viloyatning sanoat va ilmiy-innovatsion salohiyati, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad Jizzax viloyati hamda Xitoyning yirik investitsiya va biotexnologiya kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, delegatsiya vakillarini hududda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan tanishtirish, shuningdek, istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Muzokaralar davomida sanoat, biotexnologiya, ilmiy tadqiqotlar hamda investitsiya sohalarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirib, hamkorlikni bosqichma-bosqich kengaytirishga kelishib oldilar. Bunday uchrashuvlar hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini jadallashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari