Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy imperatorlarini hayratga solgan Farg‘ona shishasi
07:49 / 2025-11-23

Tasavvur chegaralarini kengaytiradigan tarixiy haqiqat shundaki, biz ko‘pincha Buyuk Ipak yo‘lini faqat Xitoydan G‘arbga qarab oqadigan bir tomonlama “daryo” sifatida qabul qilishga o‘rganib qolganmiz.

Biroq, tarixiy adolat va arxeologik dalillar butunlay boshqa manzarani – intellektual salohiyatning Markaziy Osiyodan Xitoyga qarab harakatlanganini ko‘rsatmoqda. VII asrda Farg‘ona vodiysi, xususan, qadimiy Qubo (hozirgi Quva) shahri shunchaki savdo markazi emas, balki o‘z davrining yuqori texnologiyali ishlab chiqarish “klasteri” bo‘lganligi bugungi kun kishisini hayratga solmay qo‘ymaydi. Bu yerda yaratilgan shaffof mo‘’jiza – shisha texnologiyasi Xitoy imperatorlari tomonidan strategik ahamiyatga ega resurs sifatida baholangan va aynan shu texnologiyani o‘zlashtirish uchun maxsus diplomatik va iqtisodiy harakatlar amalga oshirilgan.

Buyuk Ipak yo‘lining Farg‘ona tarmog‘ida joylashgan Qubo X asrlardayoq kattaligi jihatidan vodiyning markazi Axsikent bilan bellasha oladigan shahar bo‘lgan. Arab geograflari Istaxriy va Ibn Havqallarning yozib qoldirgan ma’lumotlariga ko‘ra, Qubo shahri o‘zining mustahkam qal’asi, obod shahristoni va gavjum raboti bilan ajralib turgan. Biroq shaharning asl shon-shuhrati uning bozorlari yoki masjidlari bilan emas, balki ilm-fan va hunarmandchilikning uyg‘unlashuvidan tug‘ilgan noyob mahsulotlari bilan belgilangan. Arxeologik tadqiqotlar, xususan, 1998 yilda Ahmad Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan keng ko‘lamli qazishmalar shuni ko‘rsatdiki, Quboda IX asrning oxirlaridan boshlab kulolchilik va shishasozlik san’at darajasiga ko‘tarilgan.

Eng qiziqarli va ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan fakt shundaki, Xitoy manbalarida Farg‘ona shishasozligiga oid o‘ta muhim ma’lumotlar saqlanib qolgan. Tadqiqotchi olimlar, jumladan N.Ya.Bichurinning tarjimalari va tahlillariga tayanib aytish mumkinki, Xitoy imperatorlari o‘z mamlakatlarida shishasozlik sanoatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyolik, xususan, Farg‘ona va So‘g‘dlik ustalarni maxsus taklif qilganlar. Bu oddiy mehnat migratsiyasi emas, balki davlat darajasidagi “texnologiya transferi” edi. Imperatorlar bu ustalar uchun Xitoyda barcha sharoitlarni muhayyo qilganlar, ularga imtiyozlar berganlar va evaziga shaffof shisha quyish sirlarini o‘rgatishni so‘raganlar. Bu dalil ajdodlarimizning nafaqat xom ashyo, balki yuqori intellektual bilim va texnologiya eksportyori bo‘lganligini yaqqol isbotlaydi.

Qubo shahristonida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida topilgan ashyolar bu fikrni moddiy jihatdan to‘liq tasdiqlaydi. Olimlar V.A.Bulatova va boshqa arxeologlar tomonidan o‘rganilgan madaniy qatlamlarda X – XII asrlarga oid metalldan yasalgan kosalar, chiroqlar va eng muhimi – shisha idishlarning qoldiqlari ko‘plab topilgan. Shisha buyumlar orasida pardozlangan qadahlar, grafinlar, atir-upa idishlari va hatto tibbiyotda ishlatiladigan maxsus kolbalarning uchrashi, bu yerda shishasozlik kimyo va tabobat ilmlari bilan hamqadam rivojlanganidan dalolat beradi. Agar qadimgi dunyoda shisha qimmatbaho toshlar bilan teng qadrlanganini inobatga olsak, Qubo shahri o‘sha davrning eng boy industrial markazlaridan biri bo‘lgani ayon bo‘ladi.

Shaharning me’morchiligi ham uning yuksak maqomiga mos bo‘lgan. Arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Quboda uylarning qurilishida o‘ziga xos “seysmik xavfsizlik” tizimi qo‘llanilgan. Devorlar paxsa va xom g‘ishtdan ko‘tarilib, oralari sinch bilan mustahkamlangan. Bu usul binolarning zilzilaga bardoshliligini oshirgan. Har bir xonadonning o‘z oshxonasi, omborxonasi va hammomi bo‘lgani esa, X asrdayoq ajdodlarimizning maishiy madaniyati va gigiyena talablari naqadar yuqori bo‘lganini anglatadi. Shahar suv ta’minoti tizimi ham mukammal loyihalashtirilgan bo‘lib, aholi toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlangan.

Qubo fenomeni shundan iboratki, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar shunchaki ehtiyoj mollari emas, balki “brend” darajasiga ko‘tarilgan san’at asarlari edi. Kulolchilikda sirlangan idishlar, ularga bitilgan arab yozuvidagi hikmatli so‘zlar va naqshlar, shisha buyumlarning nafisligi – bularning barchasi yuksak did va chuqur falsafiy dunyoqarash mahsulidir. Bugungi kunda muzeylarimizda saqlanayotgan, Qubo tuprog‘idan topilgan bu nodir eksponatlar “tilsiz guvohlar” emas, balki ajdodlarimizning bunyodkorlik qudrati va intellektual salohiyati haqida so‘zlovchi yuksak dalillardir.

Biz bugun “innovatsiya” va “texnologiyalar eksporti” haqida ko‘p gapiramiz. Lekin bundan ming yil oldin ham Farg‘ona zaminida yashagan bobokalonlarimiz bu tushunchalar mazmunini amalda qo‘llaganlar. Ular Xitoy kabi buyuk imperiyaga texnologiya o‘rgata oladigan darajada ilm va hunarga ega bo‘lganlar. Qubo shishasi tarixi – bu shunchaki hunarmandchilik tarixi emas, bu – adodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasining yorqin namunasidir. 

Alisher Egamberdiyev , O‘zA