Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy imperatorini o‘zga yurtga elchi yuborishga majbur qilgan shirinlik
07:06 / 2025-11-03

Tarix sahifalarini varaqlar ekanmiz, ko‘pincha yirik urushlar, buyuk sarkardalar yoki muhtasham me’moriy obidalarga e’tibor qaratamiz. Biroq ba’zan oddiygina mahsulot – masalan, shakar – butun bir imperiyaning iqtisodiyoti, texnologiyasi va hatto tashqi siyosatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘zdan qochiramiz.

O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo, xususan Buxoro, Xorazm va Samarqandda ishlab chiqarilgan shakar (xitoycha “shi mi” – “tosh asal”) ana shunday, tarix oqimini o‘zgartirgan mahsulotlardan biri edi. Uning sifati va ta’mi shunchalik yuqori bo‘lganki, buyuk Tan imperiyasini o‘zining an’anaviy usullaridan voz kechib, yangi texnologiyani o‘rganish uchun elchilik missiyasini yuborishga majbur qilgan. Bu voqea Turonning o‘sha davrdagi ilmiy va texnologik salohiyati yuksak bo‘lganining yaqqol isbotidir.

VII asrda Tan sulolasi saroyiga Buxoro va Xorazmdan sovg‘a sifatida shakar – “tosh asal” yuborila boshlandi. Amerikalik xitoyshunos olim Eduard Sheferning “Samarqandning oltin shaftolilari” kitobida qayd etilishicha, Samarqandda ham bu mahsulot keng tarqalgan edi. Manbalarda Samarqand aholisining turmush tarzi haqida hikoya qilinar ekan, ularning yangi tug‘ilgan chaqaloq og‘ziga shakar (novvot) solib, katta bo‘lganida so‘zlari shirin bo‘lsin, degan niyat qilishlari haqidagi ma’lumot keltiriladi. Bu oddiy urf-odat ortida mintaqada shakar ishlab chiqarish madaniyati qanchalik chuqur ildiz otganini ko‘rish mumkin. Turondan keltirilgan bu “tosh asal”ning sifati Xitoyda mavjud bo‘lgan shakar turlaridan ancha ustun edi. Bu holat imperator Tay-szun (627–649)ning diqqatini tortdi va u bu sirni o‘rganishga qaror qildi. Natijada, imperator Magadxa (Hindiston)ga maxsus elchilar yuborib, yuqori sifatli shakar ishlab chiqarish texnologiyasini o‘rganib kelishni buyurdi.

Bu elchilik safari muvaffaqiyatli yakunlandi. Xitoyliklar shakarqamish sharbatini qaynatish orqali yangi turdagi shakar tayyorlashni o‘rganib qaytishdi. Bu yangi mahsulot “sha tang” – ya’ni “qumli (yoki donador) shakar” deb nomlandi. Bu, katta ehtimol bilan, hozirgi kundagi jigarrang, donador, ammo to‘liq tozalanmagan shakarga o‘xshash mahsulot edi. Bu jarayon oddiy ko‘ringani bilan, aslida o‘sha davr uchun murakkab texnologik bilimlarni talab qilardi. Sifatli, donador shakar olish uchun qaynayotgan sharbat ko‘pigini qayta-qayta va samarali olib tashlash kerak edi. Aks holda, tarkibida saxarozadan tashqari ko‘plab boshqa moddalar qolgan shakar tezda yopishqoq massaga aylanib qolardi. Turonda bu texnologiya allaqachon mukammal darajaga yetkazilgan edi.

Bu voqea bir necha muhim jihatni ochib beradi. Birinchidan, bu ajdodlarimizning nafaqat savdogar, balki yuksak malakali texnolog va ishlab chiqaruvchi bo‘lganini ko‘rsatadi. Ular oddiy xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot yarata olishgan. Ikkinchidan, Tan imperiyasidek qudratli va o‘z texnologiyalariga ega davlatning o‘zga yurtdan texnologiya “import” qilishga qaror qilganining o‘zi, garchi bu texnologiya Magadhadan o‘zlashtirilgan bo‘lsa-da, imperatorni ushbu harakatga undagan Turon mahsulotining sifati va uning ortidagi bilim qanchalik yuqori baholanganidan dalolatdir. Bu, o‘z navbatida, mintaqamizning o‘sha davrdagi innovatsion markazlardan biri bo‘lganini anglatadi. Buyuk Ipak yo‘li orqali faqat tovarlar emas, balki eng ilg‘or texnologiyalar ham g‘arbdan (Markaziy Osiyodan) sharqqa (Xitoyga) qarab harakatlangan.

Uchinchidan, bu voqea madaniy an’analarning ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘liqligini namoyon etadi. Samarqanddagi chaqaloq og‘ziga shakar solish urfi oddiy udum emas, balki jamiyatda shakarning nechog‘lik muhim o‘rin tutgani, uning qadri va ishlab chiqarish madaniyati kundalik hayotga singib ketganining belgisidir. Bunday muhit esa, o‘z navbatida, qandolatchilik texnologiyalarining yanada rivojlanishi va takomillashuvi uchun zamin yaratgan.

“Tosh asal” qissasi bizga shuni uqtiradiki, millatning qudrati faqat uning harbiy salohiyati yoki siyosiy ta’siri bilan o‘lchanmaydi. Haqiqiy qudrat – bu yaratish, bunyod etish, o‘zgalarni hayratga soladigan va ularni o‘rganishga undaydigan darajada yuksak sifatli mahsulot va texnologiyalar yarata olish qobiliyatidadir. O‘rta asrlardagi ajdodlarimizning oddiy shakar ishlab chiqarishdagi mahorati butun bir imperiyaning diqqatini tortib, ularni texnologiya transferiga undagani – bugungi kunda innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar asrida yashayotgan biz, avlodlar uchun muhim tarixiy saboq manbaidir. Bu meros bizni bugun ham dunyo bozorida raqobatbardosh, yuqori texnologik va innovatsion mahsulotlarni yaratishga ilhomlantirishi lozim.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA