Mamlakatimizda ta’lim sohasida xalqaro munosabatlar kundan-kunga kengayib bormoqda. Ayniqsa, bunda kasbiy ta’lim dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik darajasi yuqori.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Veyxay kasbiy kolleji hamda Szyansi viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozoda Gulyamova qabul qildi. Uchrashuv davomida tomonlar ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliy hamkorlik yo‘nalishlarida yangi tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Suhbatda universitet huzurida faoliyat yuritayotgan “O‘zbek maktabi” alohida e’tirof etildi. Mazkur markaz xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish, o‘zbek madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib qilish bilan birga, o‘zbek tilining xalqaro ta’lim maydonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tomonlar Xitoy tilini o‘qitish tizimini rivojlantirish, bu yo‘nalishda O‘zbekistonga xitoylik o‘qituvchilar yuborish hamda ularning ishtirokida o‘quv dasturlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, “O‘zbek maktabi”ga xitoylik talabalar va o‘qituvchilarni jalb etish, ularga o‘zbek va rus tillarini o‘qitish, o‘zaro til muhitini kengaytirish rejalari bildirildi.
Uchrashuvda xitoy tilini o‘rgangan o‘zbek yoshlarini mamlakatimizdagi Xitoy kompaniyalarida ish bilan ta’minlash, tarjimonlik, menejerlik va ishlab chiqarish sohalarida amaliy tajriba orttirish imkoniyatlarini yaratish masalalari ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi.
Szyansi viloyati Savdo-sanoat palatasi vakillari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xitoy korxonalari uchun o‘zbek tilini biladigan mahalliy mutaxassislar tayyorlash dolzarb ekanini ta’kidlab, bu borada universitet bilan hamkorlikda aniq loyihalarni amalga oshirish istagini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, o‘zaro til kurslari faoliyatini rivojlantirish, xitoy tilini o‘qitish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Sherbek Islomov, O‘zA