Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy ilmiy delegatsiyasining navbatdagi manzili – JIDU
19:33 / 2026-01-29

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU)da Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi (XIFA) prezidenti Gao Syan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan bir davrda bu voqea muhim akademik-diplomatik qadam sifatida baholandi.

Muloqotlar davomida ilmiy hamkorlik davlatlararo munosabatning mustahkam intellektual asosi ekani alohida ta’kidlandi.

Mazkur tashrif doirasida JIDU huzurida Si Szinpin asarlari va zamonaviy Xitoy markazi ish boshladi. XXRga xos taraqqiyot modeli, davlat boshqaruvi, modernizatsiya jarayoni hamda xalqaro tashabbuslarni o‘rganishga qaratilgan ko‘p qirrali mazkur ilmiy platformadan endi o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy anjumanlar va ekspert muhokamalarini tashkil qilish uchun faol foydalaniladi.

[gallery-27374]

Mehmonlar mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim dargohlaridan biri hisoblangan JIDU raqamli infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida jamoaga 110 ta zamonaviy kompyuter, server va texnik vositalar taqdim etdi.

Professor Yan Kayjunning “Xitoy modernizatsiyasi mo‘’jizasi mantiqiy asosi” mavzusidagi ma’ruzasi tinglovchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Tomonlar yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik uzoq muddatli va amaliy tus olib, xalqaro munosabatlar sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Muzokara yakunida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti va zamonaviy Xitoyni o‘rganish bo‘yicha birgalikda tadqiqot olib borish, akademik almashinuvni rivojlantirish, tahliliy nashrlar tayyorlash hamda qo‘shma ta’lim dasturlari yaratishni nazarda tutadi.

Musulmon Ziyo, Nosirjon Xaydarov (surat), O‘zA