Xitoyning Szyansu muzofotida elektr energiyasini siqilgan havo orqali saqlaydigan dunyodagi eng yirik ob’ekt ishga tushirildi. Mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash va infratuzilmani rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadigan ushbu majmua "Harbin Electric Corp." ishtirokida barpo etildi.
Quvvati 600 MVt bo‘lgan, 2400 MVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega mazkur qurilma taxminan 600 000 xonadonning yillik ehtiyojini qoplay oladi. Soha mutaxassislari bunday ob’ektlar sanoat miqyosida energiyani saqlash uchun eng tejamkor va chidamli yechim ekanini ta’kidlamoqda.
Stansiyaning ish uslubi hudud tabiiy xususiyatiga asoslangan:
Tun payti tarmoqdagi ortiqcha elektr energiyasi yordamida havo maxsus yer osti g‘origa siqib saqlanadi. Kunduzi to‘plangan havo qayta chiqarilib, turbinalarni harakatga keltiradi va barqaror elektr energiyasi iste’molchiga yetkaziladi.
Umuman, XXRda qayta tiklanuvchi energiya manbalari keng joriy etilishi hisobiga energiyani saqlash jadal ommalashmoqda. Rasmiylar sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha ulkan maqsadlarni belgilagan. Rejaga ko‘ra, 2027 yilga qadar tizimga 180 GVtdan ziyod yangi quvvat qo‘shilishi kutilyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA