Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy Gonkong ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi
15:41 / 2020-05-24

Xitoy hukumati Gonkong davlat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunni koʻrib chiqishni rejalashtirgan.


Xitoy hukumati Gonkong davlat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunni koʻrib chiqishni rejalashtirgan. “Reuters” agentligining yozishicha, ushbu hujjat yordamida XXR mazkur mintaqa ustidan nazoratni yana-da mustahkamlab olishi mumkin boʻladi.

13-chaqiriq Xalq vakillarining Butun Xitoy kengashi 13-sessiyasida muhokama qilinadigan Qonun separatistlik faoliyatini qatʼiy man etadi va muntazam ravishda XXR Markaziy hukumati oldida hisobot berishni talab etadi. Tabiiyki, Gonkongda va boshqa yana bir qator davlatlarda bu harakat jiddiy norozilik uygʻotmoqda. Sababi, yangi meʼyorlar hozirgi paytda amal qilib turgan “Bir mamlakat — ikki tizim” formulasiga nisbatan tahdidga oʻxshaydi.

Qonun loyihasi tarafdorlari zoʻr berib mazkur hujjat umummilliy xavfsizlikni taʼminlashi, davlatni terrorizmdan va tashqi aralashuvlardan himoya qilishini taʼkidlashmoqda. Bu borada ular 2019-yil Gonkongda roʻy bergan norozilik namoyishlari AQSH va boshqa ayrim mamlakatlar tomonidan keng koʻlamda qoʻllab-quvvatlanganini dastak qilishyapti.

Xalqaro miqyosdagi ushbu nizo tufayli Xitoy kompaniyalari aksiyalari narxi pastlab ketdi, dollar qiymati 22-may kuni ertalab 0,3 foiz oʻsdi. Gonkong bankchilari sarosimaga tushib qolishdi: mavjud tizimni oʻzgartirish kapital oqimini sezilarli darajada ortga harakatlantiradi.

Xalqaro hamjamiyat esa XXR tomonidan tayyorlanayotgan navbatdagi qadamni keskin norozilik bilan kutib oldi. Masalan, 1997-yilgacha Gonkongni boshqargan Buyuk Britaniya Xitoyni mintaqa avtonomiyasini hurmat qilishga chaqirdi, AQSH esa qonun loyihasini “halokatli qaror” deb atadi.

Gonkong 1997-yilda Xitoy tarkibiga qaytgan. Xitoy va Gonkong oʻrtasida qabul qilingan qoʻshma deklaratsiyaga muvofiq, avtonom shaharga 50 yil muddat bilan keng imkoniyatlar berilgan. Ushbu mavqei tufayli Gonkong AQSH bilan alohida munosabatlar oʻrnatgan.