Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy elchisi Andijonda
10:29 / 2026-01-20

Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Andijon viloyatida bo‘ldi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov  elchi bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi. 

Uchrashuvda viloyat rahbari Andijonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari, mavjud sanoat va investitsiya imkoniyatlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berdi. Xususan, viloyatda sanoat, logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati hamda xorijiy investorlar ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etish istiqbollari, Xitoy bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida to‘xtaldi. 

Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor Elchisi Yuy Szyun ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga Xitoy tomoni har tomonlama tayyor ekanligini ta’kidladi. Elchi Andijon viloyatining yuqori investitsion salohiyatini e’tirof etib, qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari mavjudligini qayd etdi.

Samimiy va do‘stona ruhda kechgan muloqot chog‘ida keyingi yillarda O‘zbekiston – Xitoy strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganligi alohida ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirish, investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi. 

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Yuy Szyun Andijon davlat chet tillari institutiga ham tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmonni institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov boshchiligida institut jamoasi samimiy kutib oldi. 

Elchi bilan o‘tkazilgan muzokarada O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, talabalar va o‘qituvchilar tajriba almashinuvini jadallashtirish, Xitoy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Shundan so‘ng mehmonlar institutda xorijiy tillar, xususan, xitoy tilini puxta o‘rganish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari bilan tanishdi. Elchi yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, talabalarning xitoy tilini o‘rganishga ishtiyoqi yuqori ekanligidan mamnunligini bildirdi.

So‘ng institutning xitoy tili yo‘nalishi talabalari va faollari ishtirokida konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada elchi talabalarga O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, kelajakdagi hamkorlik imkoniyatlari haqida gapirdi, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto),

O‘zA muxbirlari