Xitoy energetika korporatsiyasi "Ming Yang Smart Energy" dunyodagi birinchi to‘liq qayta ishlanadigan uglerod tolali shamol turbinasi pichog‘ini yaratdi. Uzunligi 110 metrdan ziyod MySE23X shu toifadagi eng yirik qurilmalardan biridir.
Mazkur texnologiya me’yoriy haroratda, atmosfera bosimi ostida yuz beradigan kimyoviy parchalanish usulida ishlaydi. Bunday yechim shamol energetikasi sanoatidagi eng dolzarb muammolardan biri - chiqindi to‘planishining oldini olishga qaratilgan. Ma’lumki, an’anaviy kompozit pichoqlarni qayta ishlash juda qiyin, chunki qatron va tola ishlab chiqarish jarayonida doimiy ravishda bog‘lanadi. Ushbu materiallarni ajratib bo‘lmagani uchun ishdan chiqqan pichoqlar ko‘pincha tashlab yuboriladi yoki ayrim holatlarda maydalanadi va sement uchun past navli plomba sifatida ishlatiladi. Shu nuqtai nazardan navbatdagi innovatsiya esa shamol energetikasi sanoatini uglerodsiz, deyarli chiqindisiz kelajakka yaqinlashtirish salohiyatiga ega.
Kembrij universitetida o‘tkazilgan avvalgi tadqiqot xulosasiga ko‘ra, 2050 yilga kelib, dunyo bo‘ylab taxminan 43 million tonna shamol turbinasi pichog‘i chiqindisi to‘planadi. Ya’ni, birinchi avlodga mansub bunday moslamalarning xizmat muddati tugashi bilan ushbu biologik parchalanmaydigan kompozitni yo‘q qilish jiddiy muammoga aylanadi.
Demak, o‘sib borayotgan chiqindi hajmi sanoatning to‘liq qayta ishlanadigan, masalan yaqinda "Ming Yang" tomonidan taqdim etilgan texnologiyaga o‘tishni taqozo etishi mumkin. Kompaniyada "maxsus materiallarni parchalash yechimi" ishlab chiqildi.
Yuqori harorat yoki bosim talab qiladigan, ko‘pincha tola shikastlanishiga olib keladigan avvalgi qayta ishlash usullaridan farqli o‘laroq, yangi kimyoviy jarayon odatiy sharoitda ishlaydi. Jarayonda pichoq tuzilishini birlashtirgan yopishtiruvchi modda eriydi. Bu esa uglerod tolasini yangi turbinadan avtomobil komponentigacha ajratish, tozalash va qayta ishlatish imkonini beradi.
Yasashda an’anaviy tolali shishaga nisbatan ancha mustahkam va yengil uglerod tolali paneldan foydalanilgan MySE23X pichog‘i eng kuchli dengiz shamol turbinalari uchun mo‘ljallangan. Zero, bunday amaliyotda ortiqcha og‘irlik samaradorlikni bevosita pasaytiradi.
Global miqyosda toza energiyaga o‘tish tezlashgani sayin, shamol energiyasining ekologik jihatdan ahamiyati tobora dolzarblashmoqda. Tahlilchilar anchadan buyon qayta ishlanmaydigan turbinani qayta tiklanadigan energiya tizimidagi asosiy kamchilik sifatida ta’kidlab kelishgan.
G.Sattorova, O‘zA