5–8 aprel kunlari Xitoy delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimizning multimodal yuk tashish sohasidagi salohiyati bilan yaqindan tanishmoqda. Tashrif doirasida "Uzbekistan Airports" kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi.
Delegatsiya tarkibida Xitoyning Sinxua shahri XKP qo‘mitasi kotibi, Iu shahri meri hamda mamlakatning eng yirik temir yo‘l tashuvchilaridan biri — "YiWu Timex Industrial Investment Co., Ltd." kompaniyasi prezidenti ham bor. Ular Toshkent xalqaro aeroportida yangi foydalanishga topshirilgan yuk terminalining infratuzilmasi va imkoniyatlari bilan tanishdi.
Ekskursiya davomida xorijiy mehmonlar umumiy va maxsus omborxonalar — o‘simliklar va tirik hayvonlar, qimmatbaho yuklar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlashga mo‘ljallangan joylarni ham ko‘zdan kechirdi.
— Toshkentdagi yangi yuk terminali 2025 yilning mart oyida ishga tushirilgan bo‘lib, yiliga 120 ming tonnagacha yukni qabul qilish imkoniyatiga ega, — dedi "Uzbekistan Airports" AJ Boshqaruv raisi Javlonbek Umarxo‘jayev. — Kelgusida yuk hajmi oshsa, mavjud omborlar kengaytiriladi va yangi inshootlar quriladi. Biz xalqaro hamkorlikka ochiqmiz va yuk tashish hajmini oshirish uchun zarur barcha shart-sharoitlarni yaratamiz. Shuningdek, yuqori salohiyatga ega boshqa mintaqaviy aeroportlarni ham taklif qilishga tayyormiz.
Muloqot davomida O‘zbekistonning Xitoydan Yevropaga yo‘nalgan qo‘shma yuk tashish tizimidagi muhim strategik o‘rni alohida ta’kidlandi.
Delegatsiya vakillari, shuningdek, Xitoyga yaqin joylashuvi bilan ajralib turuvchi Andijon viloyatiga ham katta qiziqish bildirdi. Ular Andijonga tashrif buyurib, viloyatning yuk tashish infratuzilmasi bilan bevosita tanishishni rejalashtirgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA