Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov Xitoyning “Shenzhen Anxun Technology Co. Ltd.” kompaniyasi delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi.
Unda yashil energiya ishlab chiqarish, yuqori samarali energiya saqlash tizimlari va yangi avlod hisoblash markazi (Data Centre) yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Kompaniya vitse-prezidenti Yu. Veybinning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonni tanlashga bir qator omillar, jumladan, "Raqamli O‘zbekiston - 2030" dasturi doirasida yuqori texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari, mamlakatning Markaziy Osiyodagi transport-kommunikatsiya markazi sifatidagi geografik joylashuvi, quyosh energetikasining katta salohiyati (yiliga 3000 soatdan ortiq quyosh nurlanishi) asos bo‘lgan.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, kelgusida aniq loyihalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish va tegishli takliflar ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Shenzhen Anxun Technology Co. Ltd.” kompaniyasi 2016 yilda tashkil etilgan. Shenchjen shahrida joylashgan. Sun’iy intellekt, hisoblash quvvati, kiberxavfsizlik va maxsus ASIC (Samsung) chiplarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Xitoyning milliy yuqori texnologik korxonalaridan hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri