Xitoyning yetakchi robot ishlab chiqaruvchilaridan biri — UBTech Robotics kompaniyasi Xitoy–Vetnam chegara hududlariga o‘zining yangi avlod odamsimon robotlarini joylashtirishni boshladi.
South China Morning Post ning yozishicha, kompaniya bu loyiha uchun 37 million dollarlik shartnoma imzolagan. Robotlar Vetnam bilan chegaradosh Guansi avtonom tumanidagi Fanchengan shahrida xizmat qiladi.
Loyihada UBTechning Walker S2 modeli qo‘llanadi. Ushbu robot dunyoda batareyasini mustaqil ravishda almashtira oladigan birinchi odamsimon robot sifatida taqdim etilgan. Uning vazifalari keng: sayohatchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ko‘rikdan o‘tkazish, hududni patrullash, ma’lumot yig‘ish va logistika jarayonlarida yordam berish.
Bu tashabbus Xitoyning robototexnika va sun’iy intellekt sohasidagi keng ko‘lamli strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Mamlakat so‘nggi yillarda axborot texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish, davlat sektorida mehnat resurslarini optimallashtirish va takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Masalan, Chjenszyan provinsiyasining immigratsiya xizmati allaqachon odamsimon robotlar hamda Unitree Robotics kompaniyasining to‘rt oyoqli robotlarini ish jarayonlariga qo‘shgan. Idora vakillarining ta’kidlashicha, ushbu qurilmalar muntazam va mashaqqatli vazifalarni bajarib, xodimlar yukini sezilarli darajada kamaytiradi.
Shu bilan birga, Xanchjoudagi Syaoshan xalqaro aeroportida ham robotlar yo‘lovchilarga ma’lumot berish, yo‘l ko‘rsatish va boshqa kundalik xizmatlarni bajarishda faol foydalanilmoqda.
Xitoy mutaxassislari fikricha, bunday texnologiyalar yaqin yillarda turli xizmat ko‘rsatish sohalarida odatiy holga aylanib, inson mehnatini to‘ldiruvchi muhim vosita sifatida keng qo‘llanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4iM0wEdO2Yw" title="Xitoy chegaralariga odamsimon robotlar joylashtirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA