English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy Buyuk Britaniyani xalqaro huquq meʼyorlarini buzishda aybladi
12:25 / 2020-07-22

Buyuk Britaniyadagi Xitoy elchixonasi Birlashgan Qirollikning Gonkongga ekstraditsiya qilishni nomaʼlum muddatga toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorini qoralab chiqdi.


Buyuk Britaniyadagi Xitoy elchixonasi Birlashgan Qirollikning Gonkongga ekstraditsiya qilishni nomaʼlum muddatga toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorini qoralab chiqdi. Elchixona matbuot kotibi bayonotida bu amaliyot xalqaro huquq qoidalari va meʼyorlarini buzish, deya tavsiflangan.

Avvalroq Birlashgan Qirollik Tashqi ishlar vazirligi rahbari Dominik Raab ekstraditsiya masalalari boʻyicha masʼul boʻlgan ichki ishlar vaziri, shuningdek adliya vaziri va hukumat bosh prokurori bilan maslahatlashgandan soʻng ekstraditsiya toʻgʻrisidagi bitimning amal qilishini zudlik bilan va nomaʼlum muddatga toʻxtatish haqida qaror qabul qildi. Raabning taʼkidlashicha, hukumat “Britaniyadan ekstraditsiya qilingan fuqarolarga nisbatan milliy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonundan foydalanib suisteʼmolchilik holatlariga yoʻl qoʻyilmasligi boʻyicha aniq va mustahkam kafolatlar taqdim etilmagunga qadar” mazkur kelishuvlarni amalga kiritish niyatida emas.

“Britaniya tomoni Xitoyning rasmiy pozitsiyasini pisand etmasdan, notoʻgʻri yoʻldan yurishda davom etyapti... Ular yana bir bor xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi huquq hamda asosiy meʼyorlarni buzishdi. Bu Gonkongda milliy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunni amalga oshirishga toʻsqinlik qilish, shaharning farovonligi va barqarorligiga putur yetkazishga urinib, Xitoyning ichki ishlariga ochiqchasiga aralashishdir. Xitoy tomoni ayni harakatni qatʼiy qoralaydi va holatga nisbatan keskin qarshilik koʻrsatadi”, - deyilgan, jumladan, matbuot kotibi bayonotida.

Hujjatda Xitoy hukumati “Gonkong uchun milliy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunni amalga kiritish, milliy suverenitetni, xavfsizlik va rivojlanish manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, tashqi aralashuvlarga qarshi turish qarorini oʻzgartirmay, sobit qoladi” deya taʼkidlangan.

“Xitoy mamlakatning ichki ishlariga aralashish bilan bogʻliq har qanday qadamga keskin qarshi turadi... Xitoy Britaniya tomonini zudlik bilan Xitoyning ichki ishi hisoblangan Gonkong masalasiga har qanday koʻrinishda aralashishni bas qilishga chaqiradi. Buyuk Britaniya notoʻgʻri yoʻldan yurishda davom etaversa, ayni qarordan qaytmasa, buning oqibatiga duch keladi”, - qoʻshimcha qilingan elchixona xabarida.

Xitoy parlamenti tomonidan maʼqullangan Gonkong milliy xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun joriy yil 30-iyun kuni kuchga kirgan. Qonunda Gonkong hududida 4 turdagi jinoyatlar – jumladan, separatistlik faoliyati, davlat hokimiyatini agʻdarishga urinish, terrorchilik faoliyati, milliy xavfsizlikni xatar ostiga qoʻyish maqsadida xorijiy davlatlar yoki chet ellardagi tashqi kuchlar bilan kelishuv tuzishning oldini olish, yoʻlini toʻsish va jazolanishini taʼminlash qoidalari aks etgan. Mazkur qonun Gonkongdagi hukumatga qarshi kuchlar hamda qator gʻarb mulozimlarida norozilik uygʻotdi. Ular bu harakatni avtonomiya ustidan nazoratni kuchaytirish xohishi bilan bogʻlashmoqda. Pekin ham oʻz navbatida Gonkong Xitoyning ichki ishi ekanligini eslatishdan charchamayapti.

Gonkong 1997-yil qaytadan Buyuk Britaniyadan Xitoy ixtiyoriga oʻtgan va shundan buyon keng avtonomiya huquqlaridan foydalanadi. Xitoy markaziy hukumati mazkur hududni boshqarishda “bir mamlakat, ikki tizim” tamoyiliga amal qilib kelmoqda. Buyuk Britaniya va Xitoy oʻrtasidagi qoʻshma deklaratsiyaga muvofiq, Gonkong keng avtonomiya mavqeyini 2047-yilgacha saqlab qoladi. Ushbu muddat yakuniga yetgach, Britaniyaning sobiq mustamlakasi qay tarzda boshqarilishi esa hozircha nomaʼlum.