Tahlillarga qaraganda, Xitoyda chetdan kirib keladigan ko‘plab tovarlar qatori, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga ham talab ortmoqda. Natijada mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilyapti.
— XXR iste’mol bozori dunyodagi eng yirik va juda tez rivojlanayotgan bozor sifatida ko‘plab xorijiy kompaniyalar, tarmoqlar uchun istiqbolli sanaladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Xitoydagi vakili Jamshid Sulaymonov “Sinxua” axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida. – Aholisi 1 milliard 400 milliondan oshgan Xitoyning daromadi ham o‘sishda davom etmoqda. Ushbu davlat iste’molchilari sifat va brendga jiddiy e’tibor qaratadi va buning uchun yuqori narx to‘lashga tayyor. Tovar va xizmatni sotish uchun imkoniyat keng bu yurtda. Boshqa tomondan, Xitoyda iste’molchining afzalligini va ehtiyojini yaxshi tushunadigan mahalliy raqobatchilar ham yetarli.
Ko‘p yildan buyon Xitoyda yashaydigan Jamshid Sulaymonov o‘tgan davr mobaynida Chin o‘lkasida import tovarga talab sezilarli oshganiga guvoh bo‘ldi.
— Jadal iqtisodiy taraqqiyot va yuksak darajadagi farovonlik, shuningdek, jahon savdosi rivojlanishi Xitoy bozorida xorijiy tovarga taklif ortishining asosiy omilidir, – deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis.
So‘nggi yillarda Xitoy peshtaxtalarida xorij mahsuloti ancha ko‘payganini ta’kidlagan J.Sulaymonov Pekin, Shanxay, Guanjou, Shenjen kabi yirik shaharlar do‘konlarida chetdan kirib kelgan oziq-ovqat, atir-upa, kiyim-kechak, elektronika mahsulotlari ko‘p uchrashini ta’kidladi.
— Ko‘plab xorijiy kompaniyalar Xitoy iste’mol bozoridan foydalanishga intilmoqda, – deydi u. – Bu yerda import qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, ho‘l mevaga qiziqish ortib boryapti. Demak, fikrimcha, O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, bu boradagi mavjud salohiyat va imkoniyatni yuzaga chiqarish vaqti kelgan.
Butun dunyoga mashhur yuqori sifatli sabzavot va mevalarimiz Xitoyda ham xaridorgir. Chin diyoriga yuborilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari miqdorini oshirish tovar ayirboshlash ko‘lami kengayishiga, eng asosiysi, dehqonlarimiz, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz daromadi ortishiga xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA