Dunyoda ilk bor issiqxonalar uchun mo‘ljallangan plyonkalar tarkibiga qo‘shiluvchi, haroratni mo‘’tadillashtirish vazifasini bajaradigan nano-kompozit zarrachalar sintez qilindi. Bu nano-zarrachalar quyosh nurining ultrabinafsha nurlanishini yaqin infra qizil diapazonga aylantiradi.
Shu bilan birga, bunday fotonlarning issiqlik energiyasi 17-22°C ga teng bo‘ladi. Natijada, tashqi harorat -3…-7°C bo‘lgan holatda ham, issiqxona ichidagi harorat qo‘shimcha qizdirishsiz +5…+7°C gacha saqlanadi (odatiy plyonkalarda bu ko‘rsatkich 0…+2°C bo‘ladi). Issiq kunlarda esa issiqxona ichidagi harorat 5–8°C ga pasayadi.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan yaratilgan issiqxonalar uchun tashqi energiyasiz qizdirish va sovutish imkonini beruvchi, haroratni mo‘’tadillashtiruvchi nano-kompozit plyonka taqdimoti va Materialshunoslik instituti bazasida nano-poroshoklarning qo‘shma tajriba-sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha Xitoyning “Shanghai Daodun S&T Ltd.” kompaniyasi bilan kelishuv imzolash marosimi tashkil etildi.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, infra qizil diapazondagi fotonlar soni ko‘payishi tufayli fotosintez tezlashadi va o‘simliklar 1,5–2 baravar tez o‘sadi. Shu bilan birga, energiya sarfi 60 foizdan ortiq kamayadi, hosildorlik 35–50 foizga ortadi, sug‘orish uchun suv tejalishi 30 foizni tashkil etadi, agar gidro gellar qo‘llanilsa, bu ko‘rsatkich 90 foizgacha yetadi. Plyonkaning mustahkamligi 3 baravar oshadi.

Sinovlar Toshkent, Jizzax, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan. Hozirgi kunda Shanxay Qishloq xo‘jaligi akademiyasi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining turli tuproq-iqlim sharoitida keng ko‘lamli sinovlar olib borilmoqda.
Tadbir davomida “Shanghai Daodun S&T Ltd.” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda Materialshunoslik instituti bazasida nano-poroshoklarning qo‘shma tajriba-sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tajriba-sanoat ishlab chiqarishni rivojlantirish rejasiga ko‘ra, 2025 yilda 1 tonna, 2026 yilda esa 10 tonna nano zarrachalar ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish hajmini yiliga 2 000 tonnaga yetkazish uchun nano-poroshoklar ishlab chiqarish zavodi quriladi. Bu hamkorlik yuzasidan ham kelishuv imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA