Joriy yil pillachilikning to‘rtta mavsumi davomida ish jarayonlarini nazorat qilish, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining olimlari bilan birgalikda ipak qurtining yangi zotlarini yaratish bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasidan mutaxassislar jalb etiladi.
Xo‘sh, bu yil pillani mo‘l va sifatli yetishtirish bo‘yicha qanday tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda? Sohaga xorijiy mutaxassislarni jalb qilishdan ko‘zlangan maqsad nima?
Mavzu yuzasidan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov quyidagilarni gapirdi.
– Hozirgi kunda 60 dan ortiq mamlakatda pilladan mahsulot ishlab chiqarilsada, 20 dan ziyod davlatda pilla yetishtiriladi. Dunyoda pilla yetishtirish bo‘yicha birinchi o‘rinda Xitoy, ikkinchi o‘rinda Hindiston, uchinchi o‘rinda O‘zbekiston turadi. Shu sabab bu sohada Xitoy o‘ziga xos tajribaga ega davlat hisoblanadi. Xitoylik mutaxassislar bilan muloqot davomida ular ham bizning tajribamizni o‘rganishga doimo qiziqish bildirib kelgan. Biz ular bilan hamkorlik davomida nafaqat tajriba almashamiz, balki xorijiy tajriba asosida yetishtirilayotgan pilla hajmini oshirish, undan jaxon andozalariga mos keladigan tayyor Ipak qurtilar ishlab chiqarish hamda xalqaro maydonda o‘z o‘rnimizni yanada mustahkamlashga erishamiz.

Joriy yilda to‘rt mavsum davomida 510 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 28,3 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirilishi ko‘zda tutilgan. Shundan 3,1 trillion so‘mlik ipak mahsulotlari ishlab chiqariladi. O‘zbekiston bugungi kunda dunyodagi juda ko‘plab davlatlarga ipak mahsulotlarini eksport qilmoqda, jumladan, Xitoy, Hindiston, Vetnam, Fransiya, Italiya, Avstriya va AQSH kabi 30 dan ortiq davlatlarga pillachilik mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Ayni kunlarda viloyat va tuman “Agropilla” MCHJ hamda pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan bahorgi pilla yetishtirish mavsumlariga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Xususan, viloyat va tuman “Agropilla” MCHJ hamda pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan kasanachilar, fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzish, mavjud tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida biriktirib berish jarayonlari boshlangan. Ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida tut ko‘chatlari ekilmoqda.
Shuningdek, Inkubatoriyalarni tayyorlash, jihozlash inkubistlar mahoratini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda. Korxonalarda ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlari hamda mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish ishlari olib borilmoqda.
Endilikda Xitoydan 10 dan ortiq mutaxassislar jalb qilinib, ular ipak qurtini parvarishlash va uning hosildorligini oshirish ishlarida ishtirok etadi. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining olimlari bilan birgalikda ipak qurtining yangi zotlarini yaratadi.
Joriy yil parvarish qilinadigan ipak qurti urug‘larining 50 foizga yaqini mahalliy ipak qurti urug‘chilik korxonalarida tayyorlangan va qolgan qismi Xitoy Xalq Respublikasidan import qilinishi rejalashtirilmoqda. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi urug‘chilik yo‘nalishida Xitoy Xalq Respublikasidagi 3 ta yirik korxona bilan hamkorlik qiladi.
Kuni kecha mazkur korxonalardan biri, “Tongxiang Sericulture” Co., Ltd. urug‘chilik korxonasining ta’sischisi Zhao Xinhua “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi taklifi bilan O‘zbekistonga keldi. Janob Zhao Xinhua bahorgi pilla yetishtirish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishib, mahalliy urug‘larning sifatini oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Uchrashuv chog‘ida Xitoy Xalq Respublikasidan ipak qurti urug‘larini olib kelish tartiblari yuzasidan kelishib olindi.
Shuningdek, uchrashuvda tizim xodimlarining Xitoyda malaka oshirishi xususida kelishuvga ham erishdik. Endilikda har yilgi an’anaga ko‘ra, sentyabr va oktyabr oylarida viloyatlardagi “Agropilla” MCHJ, urug‘ tayyorlash va pillani qayta ishlash korxonalarida faoliyat yuritayotgan 60 ga yaqin mutaxassis Xitoyga bir oy muddatga tajriba almashish uchun o‘qishga yuboriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA