Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy bilan AQSH o‘rtasida qurolli to‘qnashuv xavfi mavjudligi aytilmoqda
12:42 / 2022-01-29

Tayvan ma’muriyatining mustaqillikka intilishi Vashington tomonidan qo‘llab quvvatlanayotgani AQSH bilan Xitoy o‘rtasida qurolli mojaro xavfini yuzaga keltiradi, dedi Xitoyning AQSHdagi elchisi Sin Gan NPR radiostansiyasiga bergan intervyusida.

"Agar Amerika Qo‘shma Shtatlaridan rag‘bat olayotgan Tayvan hukumati mustaqillik sari harakatini davom ettirsa, katta ehtimol bilan Xitoy va AQSH o‘rtasida  qurolli to‘qnashuv kelib chiqishiga sabab bo‘ladi", - dedi xitoylik elchi.

Avvalroq Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Tayvan ishlari bo‘yicha konselyariyaning rasmiy vakili Chju Fenlyan Tayvan ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Uilyam Layaning Gondurasda AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris bilan uchrashganiga izoh bera turib, “Xitoy AQSHni Tayvan masalasida o‘t bilan o‘ynashmaslikka chaqiradi”, degan edi.

Xitoy Xalq Respublikasi bilan uning orol viloyati o‘rtasida rasmiy munosabatlar 1949 yilda mamlakatda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushida Xitoy kommunistik partiyasidan yengilgan Gomindan kuchlari Chan Kayshi rahbarligida Tayvan oroliga qochib o‘tganidan keyin to‘xtagan edi. Materik Xitoy bilan orol o‘rtasida iqtisodiy munosabatlar 1980 yillarning oxiriga kelib tiklandi. 1990 yillar boshidan tomonlar nodavlat tashkilotlar vositasida aloqa qila boshladi.