Xitoy dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan, Ukrainaning ham suverenitetini hurmat qilish muhim, deb hisoblaydi.
Bu haqda juma kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha bosh vakili Jozep Borrel hamda Fransiya prezidenti maslahatchisi Emmanyuel Bon bilan telefon orqali o‘tkazgan suhbatida aytib o‘tdi.
"Xitoy barcha mamlakatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat va himoya qilish, shuningdek, BMT Nizomida ko‘rsatilgan tamoyillar va maqsadlariga to‘liq amal qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu pozitsiya davomli va aniq, u Ukrainaga ham tegishli", - deya keltiriladi Van I so‘zlari Xitoy tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan xabarda.
"BMT Xavfsizlik kengashi Ukraina masalasini hal qilishda konstruktiv rol o‘ynashi kerak va e’tiborini barcha mamlakatlar uchun mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratishi lozim. Xavfsizlik kengashi amalga oshirayotgan harakatlar keskinlikni chuqurlashtirish emas, aksincha yumshatishga, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etishga qaratilmog‘i lozim", - deyiladi Van I bayonotida.
"Biz kelgusida ham har qanday istibdodga qarshi chiqamiz hamda rivojlanayotgan, ayniqsa, kichik va o‘rtacha mamlakatlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini qattiq himoya qilish tarafdorimiz", - deya ta’kidlagan Xitoy tashqi siyosat idorasi rahbari.